Qum ostidagi boylik: noqonuniy qazilgan minglab tonna oltinli tog‘ jinslari aniqlandi
Navoiy viloyati.2025-yilning 27-oktyabr kuni bir guruh shaxslar tomonidan Navbahor tumani “Sarmishsoy” tog‘ tizmasida nomaʼlum shaxslar tomonidan oltin izlovchilar usulida, ruxsatnomasiz foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish va sunʼiy hovuzlar tashkil etish orqali qum tarkibidan oltin ajratib olish faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv davomida 9 279,4 tonna tog‘ jinsi hujjatlashtirilib, uning tarkibida taxminan 9 kilogramm 928 gramm, qiymati 15,5 milliard so‘mlik oltin mavjudligi maʼlum bo‘lgan.
Yuqoridagi holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov jarayonida 9 nafar fuqarolarga JKning 196² va boshqa moddalar bilan ayblov eʼlon qilinib, barchasiga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Shuningdek, jinoyat ishini tergov qilish jaryonida, yuqoridagi holat bo‘yicha ayblanuvchi tariqasida jalb qilingan shaxslardan birining yonidan, 2025-yil 29-oktyabr kuni Karmana tumani hududida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, sotish maqsadini ko‘zlab 53,98 gramm “marixuana” giyohvandlik moddasi saqlab kelganligi ham aniqlanib, ushbu modda ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Ushbu holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, yuqoridagi JKning 196²-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishiga birlashtirilgan.
Olib borilgan tergov davomida Xatirchi tumanida ham noqonuniy ravishda oltin ajratib olish bilan bog‘liq yashirin faoliyat fosh etilgan. O‘tkazilgan tintuvlar davomida minglab tonna qum uyumlari aniqlanib, ular tarkibida bir necha kilogramm, umumiy qiymati o‘nlab milliard so‘mlik oltin moddasi borligi maʼlum bo‘lgan.
2026 yil yanvar oyida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda yana bir necha holat fosh qilinib, oltin zarralari mavjud bo‘lgan minglab kilogramm tosh-qumni olib ketayotgan shaxslar aniqlanib, hujjatlashtirilgan.
Hozirda ushbu jinoyat ishlari bir ish yurituviga birlashtirilgan bo‘lib, qimmatbaho metallar miqdorini aniqlash maqsadida tegishli sud-kimyoviy ekspertizalar tayinlangan hamda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Tergov deparatamenti