O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar organlari tizimida tergov bo‘linmalarining tashkil topish tarixi bevosita respublikada tergov organlari tashkil etilishi bilan bog‘liq.

1917 yilda oktyabr voqealaridan keyingi yillarda hozirgi O‘zbekiston hududida tergov apparati hay’at bo‘lib ishlovchi ko‘plab tergov komissiyalari shaklida tuzilgan. Tergov komissiyalari sovetlar va turli inqilobiy tribunalar qoshida ishlagan.

1918 yilning sentyabr oyida Turkiston markaziy ijroiya qo‘mitasi qoshida aksil inqilobchilik, olibsotarlik jinoyatlariga doir ishlarni tergov qiluvchi ushbu jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha Favqulodda tergov komissiyasi ta’sis etilgan. Komissiya ishlariga aksil inqilobiy jinoyat ishlaridan tashqari banditizm, pul belgilarini qalbakilashtirish kabi umumiy jinoyatlarga doir ishlar ham kiritilgan.

1919 yilda sobiq Turkiston ASSRda tergov organlari to‘la markazlashtirilgan.

Turkiston ASSRning 1923 yilgi sudlov haqidagi nizomiga muvofiq ma’muriy jihatdan sud tizimiga bo‘ysunadigan, prokuratura tomonidan boshqariladigan va nazorat qilinadigan Davlat siyosiy boshqaruvining tergov apparati tashkil etilgan.

O‘zbekistonning 1926 yildagi Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq, tergovchilarning vakolatlari ular bo‘ysunuvchi sudlarga tegishli bo‘lgan jinoyat ishlarining doirasi bilan belgilangan. Ushbu vakolatlar sodir etilgan jinoyatning xususiyatiga, uning jamiyatga bo‘lgan ta’siriga qarab ajratilgan.

1928 yilda O‘zbekiston Respublikasi Davlat prokuraturasi tashkil etilgan paytdan boshlab tergov apparati tashkiliy jihatdan ham, nazorat jihatdan ham prokuratura ixtiyoriga berila boshlandi va prokuror tergovning rahbari etib belgilangan.

1953 yil 27 martda qabul qilingan Vazirlar Kengashining «Jamoat tartibini saqlashni va jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirish choralari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq 1953 yil 20 iyulda O‘zbekiston SSR Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining «O‘zbekiston SSRda jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish va jamoat tartibini saqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan tezkor-qidiruv bo‘linmalari xodimlari jinoyat ishlarini tergov qilishdan ozod etilgan.

SSSR Oliy Kengashi Rayosatining 1963 yil 6 apreldagi «Jamoat tartibini saqlash organlariga dastlabki tergovni olib borish huquqini berish to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq Sobiq Ittifoq, shu jumladan respublikamiz hududida o‘sha vaqtdagi jamoat tartibini saqlash, hozirgi ichki ishlar organlari tizimida tergov organlari tashkil etildi.

1963 yil 15 aprelda qabul qilingan RSFSR Oliy Kengashi Rayosatining «RSFSR Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston SSR Jinoyat-protsessual kodeksiga ham o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, tergovchilar tomonidan dastlabki tergov olib boriladigan jinoyat turlari belgilab berildi va ichki ishlar organlarida tergov idoralari 1963 yil 1 iyuldan boshlab rasmiy ravishda o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi.

Tergov ishlarini tashkil etish va unga rahbarlik qilish O‘zbekiston SSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi (hozirgi Ichki ishlar vazirligi) tarkibida tergov boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston ASSR Jamoat tartibini saqlash vazirligi, jamoat tartibini saqlash viloyat boshqarmalari, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi ichki ishlar boshqarmasi hamda yo‘l ichki ishlar bo‘limlarida tergov bo‘limlari tashkil etildi. Tuman (shahar)larda va temir yo‘l uchastkalarida tergov bo‘linmalari (guruhlari) tuzildi.

Jinoyat-protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar asosida tergovchilarga jinoyat ishlari bo‘yicha prokuror ruxsati talab qilinadigan hollardan tashqari barcha protsessual qarorlarni mustaqil ravishda qabul qilish huquqi berildi.

1990 yil 31 oktyabrdagi «Militsiya xodimlarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasining 1991 yil 25 avgustdagi «O‘zbekiston SSR Ichki ishlar vazirligini jumhuriyat huquqiy tasarrufiga o‘tkazish haqida»gi Farmonga muvofiq, 1991 yil 25 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi haqida»gi 270-sonli qarori qabul qilindi. Mazkur Qaror asosida O‘zbekiston SSR ittifoq – respublika Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga aylantirildi va Tergov boshqarmasi vazirlik markaziy apparati tarkibiy tuzilishi sifatida belgilandi.

2001 yil 27 martdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmoni bilan Ichki ishlar vazirligi tizimida mustaqillikka erishgandan buyon ikkinchi marotaba tub islohotlar amalga oshirildi.

Ushbu Farmonga muvofiq, 2001 yil 7 mayda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Jinoyatchilikka qarshi kurashishda Ichki ishlar vazirligi tergov bo‘linmalari rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi 206-35-sonli qarori qabul qilindi va Tergov boshqarmasi Tergov Bosh boshqarmasiga o‘zgartirildi.

2006 yil 17 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov Bosh boshqarmasi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi PQ-261m-sonli qarori bilan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – tergov Bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi.

2016 yil 16 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi O‘RQ-407-sonli Qonuniga muvofiq, 2017 yil 10 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5005-sonli Farmoni qabul qilindi va Ichki ishlar vazirligi tizimida uchinchi marotaba tub islohotlar amalga oshirildi.

Mazkur Farmonga asosan Ichki ishlar vazirligi Tergov Bosh boshqarmasi vazirlik huzuridagi Tergov departamentiga aylantirildi.

2017 yil 18 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2898-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur islohotlar jinoyat sodir etgan har bir shaxsga adolatli jazo berilishi va aybi bo‘lmagan hech bir shaxs javobgarlikka tortilmasligini kafolatlovchi jinoyat-protsessual normasini qat’iy ta’minlash, jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etish, har tomonlama, to‘la va xolisona tergov qilish, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirishda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishiga so‘zsiz rioya qilish, surishtiruvchi va tergovchilarning chinakam protsessual mustaqilligini ta’minlash, ularga nisbatan noqonuniy ta’sir ko‘rsatish hamda faoliyatiga asossiz aralashishga yo‘l qo‘ymaslikni kafolatlaydi.

Tergov departamenti (Tergov Bosh boshqarmasi, Tergov boshqarmasi) rahbarlari:

1989-1992 yy. – Levochkin Pavel Ivanovich;

1992-1993 yy. – Burxanov Kutbidin Nukritdinovich;

1994-1997 yy. – Raxmonqulov Axror Xudayarovich;

1997-1998 yy. – Azizov Abdusalom Abdumavlyanovich;

1999-2005 yy. – Sharafutdinov Alisher Ozodovich;

2005-2006 yy. – Ikramov Shavkat Taxirovich;

2006-2008 yy. – Sharofutdinov Alisher Ozodovich;

2008-2017 yy. – Nurmatov Sayfulla Ochilovich;

2017-2019 yy. – Boboxonov Akramxon Aloxonovich.

2019-2020 yy. – Tashxodjayev Doniyor Baxtiyarovich.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech