O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘n uchinchi palata (1-qism)

Osmonning ko‘z yoshlari

Ismim Umid, tuman markazida yashayman. Uyga kirib kelarkanman:

– Xotin, tushlik tayyormi? – dedim oshxonada kuymalanayotgan ayolimga qarab, u esa ovqat solingan idishi-ni og‘zini mahkam bekitib, mening qo‘limga tutqazdi va yoniga non, olmalar va choy solingan termosni ham berdi.

– Dadamga salom ayting, tezroq tuzalib ketsin, –dedi.

Men tibbiyot birlashmasining uchinchi qavatidagi o‘n uchinchi palataga keldim va ichkariga kirdim. Xonaga kirgan zahotim dori-darmonlar, qon va oziq-ovqatlarning aralashib ketgan hididan behuzur bo‘ldim. Xona ikki tomonida devor yoniga ikkitadan karavotlar qo‘yilgan va xona jami to‘rt bemorga mo‘ljallangan. Xonaning derazasi eshikdan kirganda qarama-qarshi tomonda ko‘chaga qaragan. O‘ng tomonda deraza tomondagi karavotda dadam yotibdi, oyog‘i gipslangan, kirgan vaqtimda uxlagan ekan. Dadamning karavotiga tegib turgan eshik yonidagi karavotda esa yangi bemor kelgan ekan. Bo‘sh turgan bu karavotga ham bemor kelib, xona bemorlarga to‘lgandi. Men bu bemorni tanidim, u Nukus shahriga qatnaydigan taksi haydovchisi Vali aka edi. Eshikdan kirganda chap tomonida ham ikkita bemor yotibdi, ikkalasi ham yigirma besh-o‘ttiz yoshlardagi men tengi yigitlar. Uch kundan beri qatnayman bu ikkalasi gapirmaydi, bittasi nuqul “Nima qilib qo‘ydim”, yig‘laydi, ikkinchisi esa umuman gapirmaydi, faqat bitta nuqtaga tikilgancha yotibdi, hatto uning yoniga xabar olish qarindoshlari ham kelganini ko‘rmadim.

– Assalomu alaykum, – dedim xonadagi bemorlarga.

– Va alaykum assalom, yaxshimisan ukam, – dedi Vali aka menga.

Shu vaqtda mening ovozimdan dadam uyg‘onib ketdi va o‘rnidan turib karavotga o‘rnashib o‘tirdi. Men dadam bilan salomlashib, hol-ahvol so‘rashib o‘tirdik.

– Bu odam kelganidan so‘ng, nihoyat gaplashadigan odam ham topildi, bo‘lmasa zerikib ketgan edim, – dedi dadam Vali akaga ishora qilib.

Men dadamning gapini eshitdimu, Vali akaga qarab:

– Vali aka, sog‘ligingiz yaxshimi? – dedim.

– Ey uka, asti so‘rama, qovurg‘am singan, zo‘rg‘a gapiryapman, og‘riydi, – dedi Vali aka va dadamga yuzlanib:

– Aka, siz bu holatga tushishingizga sababchi kim o‘zi, qanday avariyaga uchradingiz?

– Buning sababchisi qarshingdagi odam, o‘z o‘g‘lim, – dedi dadam menga kulib qararkan. Men dadam: “O‘zingaytib ber” deb qarab turganligi uchun o‘zim gap boshladim.

– Bilasizmi, men va dadamning bir xil rusumdagi mashinalarimiz bor, hatto davlat raqamlari ham birxil, faqat bitta harfi boshqacha. Men tuman markazida yashayman, dadam esa qishloqda. O‘sha avariyaga uchragan kunimiz, men qishloqqa dadam bilan onamni ko‘rishga borayotgandim. Qishloqning ichki tuproq yo‘lidan mashinamda harakatlanyotgandim. Zahkashning yonida ilon izi yo‘l bor, yovvoyi o‘tlar baland o‘sib yotganligi uchun, qarama-qarshi tomondan mashina kelayotganligi ko‘rinmaydi. Mashinamda harakatlanib borarkanman, transport kam qatnaydigan yo‘ldan mashina ke layotganligini ko‘rmadim, eʼtiborsiz ketayotgandim. Shu vaqtda qarshimdan bir mashina birdaniga chiqib qoldi va mashinamning old tomoni qarshimdagi mashina haydovchisi tomon qattiq tegdi. Mashinadan tushib qarasam to‘qnashuvdagi ikkinchi mashina dadamniki, ichida esa...

– O‘sha kuni kampirim menga o‘g‘lingizning kelmaganiga ancha bo‘ldi, borib xabar olib keling deb, qoq o‘rik, mevalar, kartoshka, piyoz solib meni holi jonimga qo‘ymay jo‘natgandi, hozir esa o‘sha narsalarni kampi rim, kelinim bilan birgalikda o‘g‘limning uyida pishirib, kasalxonaga yuborishyapti, – dedi dadam kulib.

– Bugun ertalab oyim qishloqqa ketdi, qoramollardan va dehqonchilikdan xabar olish uchun, – dedim dadamga.

– Hamma hayron, shunday ham bo‘ladimi, kutilmagan joyda ota bolaning mashinalari to‘qnashsa-ya deb gapirishmoqda, – dedim hikoyamni yakunlab.

– Sizga nima bo‘ldi, ukam, – dedi dadam Vali akaga yuzlanib, Vali aka esa pastga bir necha soniya qarab turdi-da, og‘ir bir tin olib, gapirib bera boshladi.

– Meni bilasiz, markazga qatnayman va mijozlarimni manzilimga doim tez olib borishga harakat qilaman. Bundan qirq bir kun burun Nukus shahridan mijozlarimni olib tumanimizga qaytib kelayotgan vaqtimizda postga keldik. Bilasiz-ku o‘sha postda avariyaning ayanchli qibatlari ko‘rsatilgan plakatlarbor. Men katta tezlikda harakatlanib kelayotganligim sababli yonimdagi yoshi katta yo‘lovchi menga:

– Uka, sekinroq haydang, ko‘ryapsiz avariyalar ko‘p,postga ham rasmni bekorga qo‘yishmagan, televizorlarda ham ko‘rsatishyapti degandi.

– Aka, men bu yo‘llardan o‘n besh yildan beri yuraman, ko‘zimni yumib ham uyimizga bora olaman, – dedim.

– Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deb bekorga aytishmagan, manzilga sekin bo‘lsa ham sog‘ va omon yetibborganimiz maʼqul, – dedi u.

Uning gaplariga mening ensam qotdi, biroq tezlikni kamaytirmadim, Beruniy tumaniga yetib kelgan vaqtimizda, yo‘lning chekkasida bir Tiko turgandi, biz unga yaqinlashayotgan vaqtimizda u birdan yo‘lga chiqib, orqaga qayrilmoqchi bo‘ldi, men tormozni bosdim, ammo katta tezlikda bo‘lganligim uchun mashinaning oldi bilan Tiko rusumli avtomashinaning orqa eshik tomonini urib yubordim, to‘qnashuvda mening mashinamning old buferi tushib qoldi, mashina ichidagi yo‘lovchilarga ham, menga ham hech ziyon yetmadi. Ammo Tiko mashinaning orqa o‘rindig‘ida o‘tirgan odamning boshi jarohat olib, kasalxonada vafot etdi.

Vali aka oxirgi gaplarini aytib yig‘lay boshladi, men unga:

– Aka, tinchlaning, avariyaga bir oydan ko‘p vaqt bo‘lgan, yana o‘zingizga hech nima bo‘lmadi dedingiz, biroq qovurg‘angiz nimadan va qachon sindi unda? – dedim hayron bo‘lib.

– Hammasi shundan boshlandi, uka, o‘sha avariyadan so‘ng tergov ham boshlandi, menga katta tezlikda harakatlanganligim uchun, maʼmuriy javobgarlik, Tiko haydovchisiga esa yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi, ish yigirma kunda sudga oshdi. Tergov tamom bo‘lishidan oldin, tergovchi menga vafot qilgan odamning uyiga borishimni va maʼraka va boshqa marosimlariga yordam berishimni aytgandi.

Men tergovchiga “Uka, men mashinani boshqarishdagi tezlik uchun javob beraman, nima uchun borishim kerak, siz meni majburlamoqchimiz” dedim. To‘g‘ri, men buni aytmoqchimasdim, yonimda yurgan tanishim menga shun day deb gap o‘rgatgandi. O‘sha Maʼmur ismli tergovchi menga: “Gap aybdor yoki aybsizlikda emas, insofda, gap vijdonda, axir qon to‘kildi, o‘sha odamning farzandlari otasidan, turmush o‘rtog‘i eridan, oila tayanchidan ayrildi-ku. Ha, siz majbur emassiz, biroq yordam berish bu sizning vijdoningizga havola, – degandi.

Vali aka ko‘zlarini yumib bir necha soniya turdi va gapida davom etib:

– Men noinsof esa uni tinglamadim, o‘zimni haq bildim, o‘zim ham o‘sha odamning o‘limiga sababchi bo‘lganligimni bildim. Shundan so‘ng sud boshlandi, tergov tamom bo‘lganidan so‘ng, sud ham yigirma kunga cho‘zildi, sudning oxirgi kuniga, yaʼni kecha ertalab men Beruniy tumaniga akamni ham olib ketdim. Sababi sudning so‘nggi kuni meni vafot qilgan odamning farzandlari do‘pposlashini o‘ylab, meni himoya qiladi deb akamni ham o‘zim bilan birga olib borgandim. Sud bo‘layotgan barcha kunlari vafot qilgan odamning ayoli meni rosa qarg‘adi, suddan meni ham qamoqqa olishlarini so‘radi...

Vali aka bir oz gapirmay turdi va so‘ng yana gapida davom qildi, Ayniqsa, o‘sha oxirgi sud kuni men qattiq qarg‘adi, u sudda Tiko haydovchisiga daʼvosi yo‘qligini, u qamoqda bo‘lsa ham uning butun oila aʼzolari unga yordam berganligini, dafn marosimlarini o‘tkazib berganligini, og‘ir kunida tayanch bo‘lganligini aytdi, biroq meni barmoqlari bilan ko‘rsatib,

– Bu noinsof hatto yonimga kelib, kechiring degan so‘zni ham aytmadi, balki qonun bo‘yicha bizni Tikosida olib ketayotgan Asad aka aybdordir, biroq sen diyonatda aybdorsan, seni xudoga soldim, bu so‘zlarimni sud hukmiga ham kiriting, – dedi o‘sha bechora ayol yig‘lab.-

– Men indamadim, tilimni tishlab olganmidim, nima bo‘ldi menga bilmayman bir og‘iz so‘z aytolmadim, qadamlarim og‘irlashib ketdi, o‘sha ayolning farzandlarining menga qarab turgan ko‘zlari, mening yuragimni teshib yubordi, biroq men noinsof indamadim. Sud tugadi, Tiko haydovchisini sud zalidan ozod qilishdi, u chiqdi, farzandlarini bag‘riga bosdi, biroq menga bir og‘iz ham gapirmadi. Sud tugaganidan so‘ng taksi mashinasida akam bilan uyga qaytayotgan edim. Shu vaqtda qarama-qarshi tomondan katta tezlikda bir mashina kelayotgandi, biz o‘tirgan taksi haydovchisi qo‘rqib ketib, rulni o‘ng tomonga burib yubordi, mashina yo‘ldan chiqib ketib ag‘darildi va zaxkashga tushib ketdi. Men mashinadan bir amallab chiqdim, qovurg‘am qattiq og‘ridi, akamni esa... Akamni esa mashinadan olib chiqishganda kech bo‘lgan edi, u allaqachon hayotdan ko‘z yumgan ekan. Kecha tushlik vaqtida men bilan birga sud binosida edi, endi bu hayotda yo‘q. Endi nima qilaman, o‘sha avariyada men o‘lib ketsam bo‘lmasmidi…

Vali aka indamay o‘ylanib qoldi, men unga qarab “Qon tutibdi-da” deb xayolimdan o‘tkazdim. Shu vaqtda ichkariga bir yigit kirib keldi, qo‘lida sumka, bu yigit xonaga kirib kelib, barcha bilan salomlashdi va Vali akaga qarab:

– Aka, meni tanidingizmi? Men tergovchi Shamuradov Maʼmur bo‘laman, –dedi u.

Men darrov Vali akaga qaradim, u ko‘zlarini tergovchining ko‘zlaridan olib qochib, go‘yoki tergovchi aytadigan so‘zlariga qanday javob berishni o‘ylar, bu javobni esa xonaning pastidan, burchaklaridan qalbining eng to‘ridan izlayotganday edi. Men ularni yolg‘iz qoldirib xonadan chiqib ketdim.

Bir oz vaqt o‘tib tergovchi o‘n uchinchi palatadan chiqib ketganidan so‘ng, men qayta xonaga kirdim. Vali akaning to‘g‘risidagi, uchinchi bemor, tez-tez “Nima qilib qo‘ydim” deb yig‘layotgan yigit, o‘zining qay ahvolga tushganligini hikoya qilib bera boshlagan ekan.

(Davomi kelgusi sonda)

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi boshlig‘i

            Ravshanbek Igamberdiyev

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech