O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

KIM TOSH OTDI?

O’zidagi nuqsonni fazilatga aylantira olish

san’ati, ayniqsa, qadrlidir. Tepakal sezar’

boshiga doimo dafna daraxti yaprog’idan

yasalgan toj kiyib yurgan.

                                                                        Grasian

Mana nihoyat orziqib kutgan damlarim keldi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasini tamomlab, tergovchi bo’ldim. Men, leytenant Mansur Bekmuratov. O’zimni bunday tanishtirish odamga bir olam iftixor tuyg’usini bag’ishlarkan. Kasbimni halol va vijdonan bajarish haqidagi o’ylarim boshliqning chaqiruvidan bo’linib ketdi.

– Bu ish senga, Bekmuratov, qasddan yengil tan jarohati yetkazilgan, jabrlanuvchining ko’zi ojiz ekan, – deb qo’limga jinoyat ishini tutqazildi.

Ish bilan tanishib chiqarkanman, shoshib qoldim. Sababi jabrlanuvchining ko’zi ojiz, bir metrdan uzog’ini ko’rmaydi. YOlg’iz yashaydi, na yaqinlari, na qarindoshlari bor. Davlat tomonidan uni moddiy ahvolini yaxshilash va uy bilan ta’minlash maqsadida, ko’zi ojizlar jamiyati binosining bir qismi, uy tariqasida berilgan. Guvohlarning ko’rsatmalariga ko’ra, u shu idora yurarkan, berilgan uyga qanoatlanmay, binoning qolgan qismini ham unga berishlarini talab qilgan, shikoyatlar yozgan. O’zining nogironligini ro’kach qilib, hech kimga tinchlik bermagan. Hodisa bo’lgan kuni binoning qolgan qismini ham berishni talab qilib, bino rahbari bilan janjallashgan. Ekspertiza xulosasida boshining tepa old qismida jarohat borligi qayd qilingan. Tosh ashyoviy dalil sifatida hodisa joyidan olingan, biroq unda barmoq izlari yo’q. Jabrlanuvchi o’z ko’rsatmasida ertalab binoda vaqti ko’zi ojizlar jamiyatining rahbari unga baqirganligini, bino ichida boshqa ko’zi ojizlar ham bor ekanligi, tashqariga chiqqanidan so’ng boshiga kimdir tosh otganligini haqida qo’rsatma bergan.

Toshni kim otgan yoki u bilan kim urgan bo’lishi mumkin? Bu savolga javob topish oson emas deb o’yladim. Jabrlanuvchini yana so’roq qildim, u o’zini jizzaki va jabrdiyda qilib ko’rsatishga urinar, bir qarasang muloyim bo’lib dunyoning barcha musibatning uning boshiga tushganday hasrat qilar, bir olovday yonib ketardi.

– Kimdan gumoningiz bor? – deb so’radim.

– Buni o’sha jamiyatning rahbari qilgan, aniq uning ishi. U meni o’ldirmoqchi bo’lgan. CHunki men uning ustidan tinmay shikoyat qilardim, nima qilib bo’lsa ham u menga binoning qolgan qismini bermaslikka harakat qilyapti!

Men ham shu odamdan gumon qildim, biroq guvohlar­ning ko’rsatmalari va to’plangan dalillar buni tasdiq­lamadi.

– Kechirasiz, biroq jamiyat rahbari siz aytgan vaqt­da, ya’ni sizga tosh otilgan paytda, binoning ikkinchi qavatida ko’zi ojizlar va boshqa odamlar bilan suhbatlashib turgan. Ular sizni baqir-chaqiringizni eshitgan. Toshning ovozini va sizning “voy-voy”lagan vaqtingiz uning yonidagi odamlar bilan birga birinchi qavatga tushib ahvolingizni ko’rishgan va tez yordam chaqirishgan.

– Aynan u kelib tosh otishi shartmas-ku, kimgadir ayttirgan. SHeriklari bo’lgan bo’lishi mumkin. Kimgadir “zakaz” qilgan, xullas, o’sha odam otgan, senlarni ishing o’sha jinoyatchini topish, nimaga mendan so’raysizlar, sendan tajribali tergovchi yo’qmi ezmalanib, so’ramaydigan – dedi va yana nimalarnidir gapirib ketdi.

– Xo’p, xo’p, kechirasiz, albatta, sizga tosh otgan odam­ni topamiz, – deb amallab uni tinchlantirganday bo’ldim.

Demak, jamiyat rahbari otmagan bo’lsa kim otgan? Nima sababdan otgan? Menga oldin jo’nday tuyulgan bu ishning jumboqqa aylanayotganligini ko’rib xavotirlana boshladim. Jabrlanuvchining ismi Mardon, ammo uni hamma “Mardon janjalkash” deb chaqirarakan. O’sha hodisa bo’lgan vaqtida pastki qavatga yetti kishi bo’lgan, barchasining ko’zi ojiz. Ikkinchi qavatda to’qqiz kishi bo’lgan, ulardan to’rttasi: ko’zi ojizlar jamiyatining rahbari, uning bitta yordamchisi va ikkita mehmon. Pastki qavatdagi ko’zi ojiz odamlar, bir xonada musiqa eshitib o’tirishgan, shu sababli bundan ularning xabari yo’q ekan. Men ulardan bittasi, ya’ni Zafar aka bilan suhbatlashdim, anchayin bama’ni inson ekan.

– Ayting-chi, siz kimdan gumon qilasiz, toshni kim otgan bo’lishi mumkin?

– Bilasizmi, agar men ko’zim ojiz bo’lmay o’sha tosh otgan odamni ko’rganimda ham sizga “ko’rmadim” degan bo’lardim. Bu odamga o’zim ham jon deb tosh otardim. U men bilan ham janjallashgan, balki mendan gumon qilgandirsiz, lekin ko’zim ko’rmaydi, qanday unga tosh otay? Biroq bir kun avval u qorovul bilan ham janjallashgan edi, balki qorovul biror narsa bilsa kerak, – dedi Zafar aka.

– Mardon aka qanday inson o’zi, bu insonga kim qasd qilishi mumkin? – dedim.

–       Uning qalb ko’zi ojiz, – dedi Zafar aka suhbat­ga yakun­ ­yasab.

– Ha... – dedim xayolimdan o’tgan fikrlarga oshno bo’lib.

Ma’lum bo’lishicha, o’sha kuni qorovul tushlik olib kelish uchun uyiga ketgan ekan. Qorovulning ham aybi yo’qqa o’xshaydi.

Xullas, dalillar to’plash maqsadida ko’zi ojizlar jamiyati binosining atrofidagi odamlarni yig’dim, ular bilan suhbatlashib, mazkur holatga aloqador ma’lumotlarga ega bo’lishsa, darhol xabar berishlarini iltimos qildim. Ularga telefon raqamimni berdim.

Idoraga borgan edim, boshliq xizmat xonasiga chaqirdi.

– Nima qilding jinoyat ishini tamomladingmi? – dedi boshliq.

Ularga vaziyatni tushuntirib berdim.

– Bilasanmi, jabrlanuvchi yoki aybdorning qanday odamligi muhim emas. Agar u janjalkash bo’lsa ham jabrlangan bo’lsa ham, adolatni tiklashi kerak. Tergov mahorat degani, u og’ir mashaqqat, izlanish va tajriba talab qiladi. Sen o’zingni chiqargan qaroring bilan kimnidir taqdirini hal qilasan. Agar adolatli qaror qabul qilsang, demak, sen o’z kasbingni ustasisan, agar adolatsiz va noxolis qaror qabul qilsang, buning orqasidan nafaqat bir shaxs va balki uning oila a’zolari, butun bir jamiyat jabr ko’radi, jamiyat esa adolatning borligiga shubha qiladi, – dedi boshliq.

Xizmat xonamda o’tirgan paytim qo’ng’iroq bo’ldi. Ko’zi ojizlar jamiyati binosining oldida tan jarohati olgan odam bilan bog’liq holat to’g’risidagi xabar bo’ldi, darhol manzilga bordim.

Guvoh yigitning yoniga borib u bilan suhbatlashdim.

– Men o’sha kuni o’zimcha hazillashib, televizorda ko’rsatilayotgan “Real xit” ko’rsatuvi bor-ku, o’shanga yuborsa bo’ladi deb telefonimda tasvirga olib turgan edim va yonimda do’stim Baxtiyor ham bor edi. SHu vaqtda K.O.J binosining oldida bir odam shovqin qilib baqirayotganligini ko’rib uni tasvirga olgan edim. So’ng kecha oyim menga tergovchi kelib mahallamizdagi odamlar bilan gaplashib ketdi, shu yerda birovning boshiga kimdir tosh otgan ekan, shu haqda eshitgan yoki ko’rgan odamlar bo’lsa xabar bersin deb iltimos qildi deb aytgani uchun onamdan raqamingizni olib qo’ng’iroq qilgan edim. Bu voqeani do’stim Baxtiyor ham ko’rdi, – dedi guvoh.

Men shosha-pisha uning telefonidagi tasvirni tomosha qildim. Tasvirni ko’rib hayratda qoldim va o’zimning telefonimga o’tkazib oldim. Jabrlanuvchi Mardon bilan uchrashish uchun yoniga bordim. Unga:

– Siz nimaga binoning derazasiga qarab tosh otdingiz?

– Men otmadim...

– Guvohlar va videotasvir bor! – dedim ovozimni qat’iy qilib,

– Jahlim chiqib, adolatsizlik bo’layotgani uchun, derazaning shisha oynasini parcha-parcha qilmoqchiydim.

– Sizga kim tosh otganligi ma’lum, – dedim.

– Kim ekan u, ayting menga tezroq?

– Bu siz! O’zingizga o’zingizga tosh otgansiz!

Uning yonida ketar ekanman, qo’limdagi telefondagi tasvirga yana bir bor qaradim. Unda Mardon binodan chiqib, yerdan tosh topib olib, deraza tomonga qarata otgan, derazaga yaqinda qo’yilgan temir panjaraga tekkan tosh esa qaytib kelib uning boshiga tekkan edi.

SHu vaqtda hazrat Navoiyning misralari esimga tushib ketdi.

Kimki falak sori otar toshni

Tosh ila ozurda qilar boshni.

(Kimki osmonga qarab tosh otsa, o’sha tosh boshiga tushib uni yoradi)

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech