Ўзбекистон Республикаси Ички ишлар вазирлиги ҳузуридаги Тергов департаменти
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Afsus...

 Motam tutish qayg‘uni ifoda etsa bo‘ldi.

         Konfutsiy

Toshkent shahridan kelayotgan Lasetti avtomashinasi salonidagi yo‘lovchilar mashina yo‘lga chiqqanidan boshlab uxlashayotgandi. Old o‘rindiqdagi yo‘lovchi tush ko‘ryapti shekilli, allanimalarnidir pichirlab keldi, keyin birdan: “Gulim, men senga jigarimni beraman, xafa bo‘lma!” dedi-Yu, o‘z tovushidan uyg‘onib ketdi. “Yalt” etib haydovchiga qaradi, bir oz jim turib:

– Qayerga keldik? – deb so‘radi.

To‘rtko‘lga kirib kelyapmiz, – dedi haydovchi va gapida davom etdi, – nima gap, tinchlikmi, uka?

– Ha, tinchlik rahmat.

Bu yo‘lovchi o‘ttiz besh yoshlardagi Anvar bo‘lib, u poytaxtdagi qurilishlarda ishlab, besh oy deganda uyi­ga – oilasi davrasiga qaytib kelayotgandi. Anvar mashina oynasidan yo‘lga qarab kelarkan, “To‘rtko‘l” yozuvini ko‘rib, uyiga yaqin qolganidan quvondi. O‘zining nikoh to‘yini eslab, shirin xotiralardan jilmayib qo‘ydi. Gulnora ikkisi shu yerdagi haykal poyiga gullar qo‘yishgan, barcha tanishlar, do‘stlar shu yerda ikkala yoshga baxt tilashgandi. Shirin xotiralardan jilma­yib kelayotgan Anvarning ko‘zlariga tuman tibbiyot birlashmasi yonidan o‘tishayotganda allaqanday maʼ­yuslik va sovuqlik qalqdi. So‘nggi ikki yil ichida bu kasalxonaga necha marotaba kirib chiqqanini sanasa, adashib ketadi.

“So‘nggi ikki yil... Mening umrimni, baxtimni, hayotimni barbod qilmoqda”... – deb pichirladi yigitning lablari.

Bundan ikki yil avval, Gulnoraning qornida qattiq og‘riq turdi. Anvar uni kasalxonaga olib keldi. Oldin ham bir necha marotaba ana shunday holatlarda, Gulnora dori ichib, kasalxonaga borishdan bosh tortardi. Biroq, oxirgi og‘riq qattiq bo‘lganligi bois, Anvar ayolining qarshiligiga qarmasdan kasalxonaga olib keldi. Shifkorlar Gulnoraning dardiga “Jigar sirrozining uchinchi bosqichi” tashxisini qo‘yishdi. Shu ikki yildan beri Gulnorani davolatish uchun qo‘lidan kelgan barchasini qildi. Biroq, og‘ir dardga yo‘liqqan Gulnoraga hech narsa foyda bermayapti. Oldin bor topganini Gulnoraning davolanishi uchun sarflagan Anvar, puli tamom bo‘lgach, uyining shiferi, eski buyumlar, mol-hollarigacha sotdi. Keyin Toshkentga ishlagani ketib maoshini oyma-oy Gulnoraga jo‘natib turdi.

* * *

Anvar uyiga kirdi. Kirgan zahoti to‘rtinchi sinfda o‘qiydigan o‘g‘li Valibek “Dadam keldi” deb  uning bo‘yniga osildi. Orqasidan qizi Xosiyat ham yugurib keldi. Oshxonada kuymalanib yurgan Gulnora eriga qarab jilmayib salom berarkan:

– Yo‘lda qiynalmasdan keldingizmi? – dedi mehribonlik bilan.

Gulnora jilmayib turgan bo‘lsa ham uning sarg‘ayib ketgan yuzini ko‘rib, Anvarning yuragi ezildi. Buning ustiga Gulnoraning ko‘zlari ichiga kirib ketgan, yana ozib ham qolgan edi.

– Dorilaring bormi?

– Ha, bor.

– Televizorni qanchaga sotding? – dedi Anvar televizor turgan joyning o‘rniga qarab.

Gulnora uning “televizorni sotib pul qil” degan gaplariga zo‘rg‘a ko‘ngan edi.

–Yaxshi narxda sotdim, o‘zingiz qiynalmadingizmi? Endi nima qilmoqchisiz?

–Do‘stim Ahmad bilan gaplashib qo‘ydim, ikkalamiz ertadan loysuvoqqa chiqamiz.

– Hali havo sovuq-ku, yana shuncha ishlab charchab keldingiz, bir-ikki kun dam olib keyin chiqsangiz bo‘lmaydimi?

– Hozir Ahmad bilan chiqmasam, ertaga o‘rnimga boshqa odam chiqishi mumkin.

Tun og‘ib, xonada ikkisi yolg‘iz qolishgan mahal Gulnora Anvarning qo‘lidan ushlab:

– Sizga bir narsa aytmoqchiman, – dedi.

– Ayt!

– Endi dori va kasalxonalarni yig‘ishtirsakmikan deyman. Baribir, foydasi bo‘lmayapti. Shifkorlar onamga ikki yoki uch yil umrim qolganini, bu dori-darmonlar faqat dardni sal uzoqlashtirib turishini aytishibdi.

– Jinnimisan?! Seni albatta davolataman. Xosiyatni uzatamiz, Valibekni uylantirib kelin tushiramiz hali. “Yaxshi niyat, yarim davlat”, deyishgan.

–Hamma narsamizni, uyning shiferlari-Yu, mollarimizgacha sotib bo‘ldik. Bu ketishda meni davolataman deb, uydan ham ayrilasiz, axir!

– Bo‘lmag‘ur gaplarni valdirama!

– Farzandlarimiz ertasi uchun ham pul kerak-ku!

– Men ishlayman...

– Anvar, endi kech qoldik...

– Bas qil!

Gulnora yig‘lay boshlagandi, Anvar uni ovutib, bag‘riga босди....

Ertasi kuni loysuvoqqa ketgach, Anvar kechqurun ancha horg‘in holda qaytib keldi. Ko‘zlarini zo‘rg‘a ochib o‘tirgan Anvar ovqatni yeb bo‘lgach o‘tirgan joyida uxlab qoldi.

Ertasiga ishga bormadi. Chunki do‘stining yoniga boshqa odam ishga chiqqan ekan. Boshqa ish topishini aytib, bugun uyda bo‘lishini taʼkidladi. Tushlikkacha akasi Rashidni ko‘rib kelish uchun uydan chiqdi. Akasining uyida allanechuk bo‘lib o‘tirdi. Akasi birga tushlik qilishni aytgan bo‘lsa ham unamay, uyiga shoshildi.

Anvar yo‘lda kelarkan, o‘ziga o‘zi gapirib keldi. “Nega, nega axir? Nima gunohimiz uchun bu ahvolga tushib o‘tiribmiz?! Bu laʼnati kasallikni nima uchun davolay olishmaydi? Nega kech qoldik! Yo Xudo, dardini bergan O‘zing, shifosini ham ber! Gulim so‘lib boryapti, Gulim, Gulim..”

Anvar uyi oldiga kelib, o‘g‘li Valibek va qizi Xosiyat eshikni oldida turganini ko‘rdi-Yu seskanib ketdi. “Tichlikmikan, biror falokat bo‘ldimikan?” deb o‘ylab qadamlarini tezlatdi.

– Nimaga turibsizlar? – dedi Anvar farzandlarining yoniga kelib.

– Oyim eshikni ochmayati. Yo biror joyga ketganmikin? – dedi Xosiyat yig‘lamsirab.

Anvar cho‘ntagidan ikkinchi kalitni olib, eshikni qulfini buradi va uyga sekin kirib bordi. Go‘yo oyog‘iga tosh bog‘lab qo‘ygandek edi.

Anvar, Xosiyat va Valibek xonalardan Gulnorani izlay boshlashdi. Anvar yotoqxonadan chiqayotganda o‘g‘lining: “Oyi!” degan chinqirig‘ini eshitdi.

Valibek ombor eshigini ochib qotib qolgandi. Anvar omborxonaga yugurdi. Ostona hatlaboq tosh qotdi. So‘ng osilib turgan Gulnoraning oyoqlaridan quchoqlab yuqoriga ko‘tardi.

– Nima qilib qo‘yding, nima qilib qo‘yding, nega bizni tashlab ketding? – derdi Anvar xotinining sovib qolgan tanasini quchoqlab.

 Tezda yetib kelgan shifokorlar va ichki ishlar xodimlari voqeani o‘rganib, kerakli hujjatlarni rasmiylashtirishdi.

– Buni o‘qidingizmi? – dedi ichki ishlar xodimlari Gulnoraning jasadini sud tibbiy ekspertizaga olib ketishlaridan sal avval Anvarga bir varaq qog‘ozni ko‘rsatib. – Shu yerda turgan ekan, sizga yozilgan xat.

Anvar shkafda qoldirilgan xatni ko‘rmagan edi. Qo‘llari qaltirab qog‘ozni oldi. Tanish yozuvga ko‘zi tushdi. Gulnoranig yozuvi edi bu. Ehtimol, yig‘lab yozgan bo‘lsa kerak, xatning ayrim xarflar suv tekkandan dog‘ holatiga tushgan edi.

«Anvar, meni kechiring, meni sevganingiz uchun raxmat! Taqdirim sizday inson bilan bog‘lagan Allohimga shukr. Afsus, baxtimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Biroq, shirindan-shakar ikki farzandimizni sizga qoldiryapman. Meni davolatish uchun o‘ziningizni ayamadingiz. Qiynaldingiz, ammo buni menga bildirmaslikka xarakat qildingiz. So‘nggi ikki yilda sizni ko‘p qiynadim. O‘z joniga qasd qilish gunoh, kechirilmas gunoh ekanini bilaman. Lekin meni to‘g‘ri tushuning. Do‘xtirlar aytganidek, bir yil yoki yana ikki yil yashashim mumkindir, biroq, baribir oxiri maʼlum. Men so‘nggi yuborgan pulingizga g‘isht oldim, ular tovuqxonaning yonida turibdi ko‘rdingiz. Sizga bu jo‘jalar uchun alohida katak, deb aldagan edim. Sandiqda kafanlik va marakalar uchun pul bor. Televizorni ham sotmagandim, uni omborxonada shkafning orqasiga berkitib qo‘yibman. Farzandlarimizga ham meni qilgan ishimni tushuntiring. Meni kechiring... Sizlarni sevib qoluvchi Gulingiz. Alvido...»

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech