O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Tergov departamenti masʼullari tomonidan Xorazm viloyatida tergov sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda

Ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatining shahar-tumanlarida xizmat olib borayotgan tergovchilar yurituvidagi jinoyat ishlari va tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini olib borish ahvoli o‘rganilib, mavjud muammolar, xato va kamchiliklar muhokama etilib, tergov sifati va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bunda, Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan talablarga rioya etish, jinoyat ishi doirasida ishtirokchilarning barcha vajlarini tergov yo‘li bilan tekshirish, dalillarni qonuniy asosda to‘plash va xolisona baholash, protsessual tartibda rasmiylashtirish, xodimlar malakasini doimiy oshirib borish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ishchi guruh aʼzolari har bir tergov xodimlari bilan suhbatlashib, shahar-tumanlardagi tergov-tezkor guruhi faoliyatini o‘rganmoqda, shu bilan birga, tergovchilar yurituvidagi fosh etilmasdan qolgan va to‘xtatilgan jinoyat ishlari muhokama qilinib, tergov hamkorligini kuchaytirish borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.

O‘rganishda, “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi va “E-material” elektron tizimi bilan ishlash, uning imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berilib, ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolar muhokama etildi.

Viloyatda tergov sifatini oshirish va ishni samarali tashkil qilish borasidagi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

Tergov departamenti.

Text to speech