O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Faxr va g‘urur timsoli

Har safar sentyabr oyi kelarkan, yana bir yoshga ulg‘ayganimu ona Vatanimizning tobora kuch-qudratga to‘lib borayotganini ko‘rib ich-ichimdan quvonaman.

1991 yil 14 sentyabrda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ziyoli oilada tug‘ildim. So‘fi Olloyor nomli 17-sonli ixtisoslashgan maktabda hamda Qorako‘ldagi 1-sonli ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktab-internatida o‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan ustozlarimdan saboq oldim. 2009 yilda IIV Akademiyasiga hujjatlarimni topshirib, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdim. O‘qishni yakunlab, Kattaqo‘rg‘on shahar IIB tergov bo‘limida ish o‘rganuvchi tergovchi lavozimida xizmat faoliyatimni boshladim. Hozirda IIV huzuridagi Tergov departamenti iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi katta tergovchisi lavozimida xizmat qilmoqdaman.

Inson kamolotida, uning biror kasb-hunarni puxta egallashida ustozlarning beqiyos hissasi bor. Shu o‘rinda kasb sirlarini o‘rgatgan ustozlarim – Samarqand shahar bo‘yicha IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan podpolkovnik Nabijon Igamberdiyev, viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi kadrlar guruhi katta inspektori, mayor G‘olibjon Ablakulov singari fidoyi insonlarning nomini hurmat ila tilga olishni istardim.

Kitobga oshno tutinish bilim saviyamizni oshirish va dunyoqarashimizni kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Eng asosiysi, inson doimo ilmga ehtiyoj sezadi, yillar davomida hayotiy tajribalarini boyitib boradi. Bilim, aql va hayotiy tajriba to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda asosiy rol o‘ynaydi. Bu esa faoliyatimizda juda muhim. Mamlakatimizda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qilishdek sharafli va masʼuliyatli vazifa zimmamizga yuklangan ekan, o‘qish va izlanishdan to‘xtashga aslo haqqimiz yo‘q.

Yaqinda ona O‘zbekistonimizning Mustaqillik kunini nishonlaymiz. Bu ulug‘ bayram men kabi minglab istiqlol tengdoshlariga umid, ishonch hamda qatʼiyat bag‘ishlashi bilan yana-da ahamiyatlidir. Bu bayram o‘zining jozibasi, qalblarimizga ozodlik, erk singari muqaddas tuyg‘ularni jo etgani, farzandlarimizga Vatanimizning dunyo mamlakatlari bilan teppa-teng ekanligi va hech kimdan kam emasligini ayta olish huquqini bergani bergani uchun ham qadrlidir.

Umidjon ASRAYEV,

kapitan.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech