O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Buxoro viloyati IIB rahbariyati tomonidan fuqarolar uchun shaxsiy qabul o'tkazildi

Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida aholini qiynayotgan huquqiy va ijtimoiy masalalarga tezkor yechim topish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi. Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan ushbu muloqotda asosiy e’tibor fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratildi. Uchrashuvda fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan muammolar yuzasidan bevosita rahbariyatga yuzlanish imkoniga ega bo‘ldilar.

Qabul jarayonida 30 dan ziyod fuqaroning murojaati birma-bir tinglandi. Ularning aksariyati tergov harakatlarida xolislik va adolatni ta’minlash, firibgarlik holatlari oqibatida ko‘rilgan moddiy zararlarni undirish, ishga kirish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligiga oid masalalardan iborat bo‘ldi. Mutasaddilar tomonidan har bir murojaatchining masalasi diqqat bilan o‘rganilib, ularga amaldagi qonunchilik asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.

Muloqot natijasiga ko‘ra, tezkor hal etish imkoni bo‘lgan qator murojaatlar shu joyning o‘zida qanoatlantirilib, muammolar bartaraf etildi. Qo‘shimcha huquqiy tekshiruv va chuqur o‘rganish talab etiladigan murakkab holatlar esa alohida nazoratga olindi. Mazkur masalalar yuzasidan soha mas’ullariga aniq muddatli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi qat’iy nazoratga olinganligi ta’kidlandi. Bu kabi ochiq uchrashuvlar fuqarolarning sarson bo‘lishining oldini olish bilan birga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech