Qarovsiz qoldirilgan avtomashina jinoyat obyektiga aylandi
Samarqand viloyati. Joriy yilning 10-noyabr kuni Samarqand tumani IIBga kelib tushgan xabarga ko‘ra, tumanda yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan fuqaro J.L. o‘zi boshqaruvidagi «VAZ-2106» rusumli avtomashinani «Kunlik ishchilar markazi» yoniga qarovsiz, eshiklarini qulflamasdan qoldirib ketgan. Ushbu holatdan foydalangan noma’lum shaxs avtomashinani olib qochgan.
Mazkur xabar yuzasidan tergov-tezkor guruhi hodisa joyiga chiqib, voqea joyini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, atrofdagi binolarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralaridagi ishga aloqador videotasvirlar protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni muqaddam ikki marotaba sudlangan, 2002-yilda tug‘ilgan fuqaro M.J. sodir etganligi aniqlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar o‘z mulkingizni xavfsizligini ta’minlab, transport vositalarini qulflangan holda maxsus belgilangan joylarda qoldirishingizni tavsiya etamiz.
Tergov departamenti