O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Tergovchining kundaligidan. IIV huzuridagi Tergov departamentining quyi boʼlinmalarida faxrli xodimlarning jinoyat ishlarini tergov qilish tarixi.

25 yildan ortiq vaqt mobaynida Xorazm viloyati IIB huzuridagi Tergov idoralarida turli lavozimlarda ishlagan va hozirgi kunda Urganch shahar IIB huzuridagi Tergov boʼlimining surishtiruvchisi lavozimida xizmat qilayotgan podpolkovnik Safoev Аlisher Ozodovichning xotiralaridan:

... 1998 yil hali Urganch shahar IIB huzuridagi Tergov boʼlimida tergovchilik davrida, yoʼl-transport hodisasi bilan bogʼliq jinoyat ishini tergov qilgan. Navbatchilik qismiga tushgan xabarga koʼra, “Sanoatchilik” koʼchasida harakatlanib ketayotgan “Kamaz” yuk avtomashina haydovchisi yoʼlning chekkasida erkak kishining tanasi tan jarohatlari bilan yotganini koʼrib, uni shifoxonaga olib borganligini va tibbiy yordam koʼrsatilganligini maʼlum qilgan.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, jabrlanuvchini nomaʼlum avtomashina urib ketgan va bu avtomashina rusumini aniqlash bir muncha qiyinchiliklar tugʼdirgan. Oʼsha vaqtda yosh boʼlgan tergovchi, vaziyatni qoʼlga olib, bir necha oʼnlab avtomobillarni koʼzdan kechirgan lekin ushbu jinoyatni fosh qiladigan biron-bir dalil yoki yoʼnaltiruvchi maʼlumot aniqlay olmagan. Jabrlanuvchining oʼzi esa xushsiz, koʼrsatma bera olmagan. Lekin yosh tergovchining oʼziga boʼlgan ichki ishonchi jabrlanuvchini koʼrib qolgan haydovchiga eʼtiborni qaratdi. Shunday qilib, yuk mashinasini soatlab va mayda detallarigacha birma-bir koʼzdan kechirish natijasida, Аlisher Safoev yuk mashinaning tashqi bortida soch namunalari borligini aniqladi va ularni olib jabrlanuvchining soch namunalari bilan birga ekspertlar ixtiyoriga taqdim qildi. Oʼtkazilgan ekspertiza xulosasiga koʼra, yosh tergovchining tusmoli oʼz tasdigʼini topdi, yaʼni yuk mashinasidan olingan soch namunasi bilan jabrlanuvchining soch namunasi aynan bir xil boʼlib chiqdi. Holat bunday tus olganidan soʼng haydovchi oʼz aybiga iqror boʼlib haqiqatdan ham piyodani urib yuborganligini va qoʼrqib ketganidan yoʼl-transport hodisasini goʼyoki boshqa biron bir haydovchi sodir qilib hodisa joyidan qochib ketgan sifatida stsenariy tuzganligini maʼlum qilgan.

Bu juda ham qiyin boʼlgan, u vaqtlarda kuzatuv kameralari yoki video qayd qilish moslamalari, hattoki zamonaviy kompyuterlar ham boʼlmagan, lekin amaliy ish tajribam va kasbiy mahoratim hamda tinimsiz mehnat, ortga chekinmaslik bu ishni oxiriga yetkazishda menga katta yordam berdi” .... eslaydi Аlisher Safoev.

Shunday qilib, yosh Аlisher Safoevni tinimsiz mehnatlari ushbu jinoyatni fosh etishga imkon berdi.

Oʼzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech