O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

VATANPARVAR

 Bolalarda Vatanga muhabbat uyg’otishning

eng yaxshi vositasi otalarning

Vatanni sevishlaridir.

                               Montesk’yo

Bugun men uchun unutilmas kun. Negaki yangi ish boshlagan maktabimda ilk darsimni o’taman. A’lo kayfiyat va bir olam o’y-xayollar bilan ko’chada turganimda yonimga “Spark” avtomashinasi kelib to’xtadi. Manzilimiz bir ekan, mashinaning old o’rindig’iga o’tirgan ham edimki, orqa o’rindiqdan “Assalomu alaykum” degan ovoz eshitildi. Salomga alik olib, orqamga o’girilsam, o’n to’rt-o’n besh yoshlardagi bola ekan. Yo’lda keta turib, mashina oynasiga o’rnatilgan davlat bayrog’i e’tiborimni tortdi.

– Vatanpavar ekansiz-da,-dedim bayoroqqa ishora qilib.

–     Ha, albatta, – dedi haydovchi maqtovimdan hu­zur­lanib.

Keyin vatanparvalik, yurtga sodiqlik to’g’risida bir nimalarni to’xtovsiz gapirarkan, chorrahada qizil chiroq yonib turgan bo’lsa-da, g’izillagancha o’tib ketdi.

Piyodalar o’tish joyiga yaqinlashganimizda bir keksa onaxon qo’lida katta sumka bilan yo’lni kesib o’tolmay turgan ekan.

Haydovchi unga yo’l berib mashinani to’xtatadi, deb o’ylagan edim. Lekin unday bo’lmadi. To’xtamasdan o’tib ketdi. SHu mahal orqada o’tirgan bolaning ovozi eshitildi:

–     Aka, mashinani to’xtatib yuboring.

Haydovchi “Nima gap, tinchlikmi? Hali manzilimizga bor-ku!” deganicha, mashinani yo’l chetida to’xtatdi. Bola esa mashinadan tushib, orqaga qarab yugurdi. Piyodalar o’tish joyida turgan onaxonning sumkasini ko’tarib, unga yordam berdi. Yo’l bermasdan kelayotgan mashinalarni to’xtatdi. To’g’risi, ta’sirlanib ketdim. Bolaga mehrim ortdi.

– Barakalla, otangga rahmat! – dedim u qaytib kelib mashinaga o’tirganidan so’ng.

– SHunaqa niyating bor ekan, papkangni olib ketmaysanmi, vaqtimni olyapsan, – dedi haydovchi to’ng’illab.

Uning bu gapiga chidab turolmadim:

– Uka, mashinasiga davlat bayrog’ini ilib olgan bilan odam vatanparvar bo’lib qolmaydi. SHunga yarasha yo’l harakati qoidalariga rioya qilsangiz ajoyib ish bo’lardi, – dedim, – boya qizil chiroqdan o’tib ketdingiz, axir vatanparvarlikka mamlakatimiz qonunlarga rioya qilish, boshqalarni hayotini o’yin bilmaslik ham kiradi.

– Arizimagan harakatim uchun pashshadan fil yasamang, aka. Bayroq tagida o’tirib, qonun buzayotgan “kattakon”lar qancha?

– Har kim o’zi uchun javob berishi kerak. Siz u qonunni buzyapti, bu poraxo’r, deya o’zingiz ham qonunni buzib tursangiz, qachon adolat bo’ladi? Vatanparvalik qayerda qoladi?

– He, aka, qo’ying falsafa so’qimang...

O’ttiz yoshlardagi bu haydovchi bilan gap talashish befoyda edi. Maktab yetganimda orqa o’rindiqdagi bola ham mashinadan tushdi.

– SHu maktabda o’qiysanmi, jiyan?

– Ha, yettinchi sinfda o’qiyman.

– Iye, shu sinfda birinchi darsimni o’taman. Isming nima?

– Azamat.

Direktor o’rinbosari bilan sinfga kirgan zahoti Azamatni izladim. U ikkinchi qatordagi birinchi partada o’tirgan ekan. Direktor o’rinbosari meni tarix o’qituvchisi deb tanishtirdi. Birozdan keyin darsni boshladim.

O’quvchilar daftariga mavzuni yozishdi. Biroq Azamatning oldida daftar yo’qligini ko’rib sababini so’radim.

–  Tanaffusda sotib olaman, ustoz, – dedi yerga qarab.

– Uning daftari ham bor ustoz, – dedi sinf yetakchisi. – Kecha sinf rahbarimiz hammamiz uchun bir xil daftar olib kelgandi. Uning pulini bugun yig’ib berishimiz kerak. Azamatga daftarni bersam olmadi. Nimaga olmaysan desam, daftar muqovasida bayroqni rasmi bor ekan, – dedi.

Azamatga yuzlandim:

– Ertalab yaxshi bola ko’ringanding. Nega mavzuni yozmaysan, daftar muqovasida bayroqning rasmi bo’lsa, nima qilibdi. Qara, chiroyli turibdi. YOki puling yo’qmi?

– Yo’q, ustoz, pulim bor. Biroq o’zim boshqa daftar olaman.

– Nimaga?

– Ustoz, chunki daftarimiz to’lganidan so’ng kerak bo’lmay qoladi. Aksariyat hollarda, u chiqindiga tashlanadi yoki boshqa narsalarga ishlatib yuboramiz. Men davlatimiz ramzi tushirilgan bayroqning bunday holda qolmasligini istayman. SHu sababli ham daftarni olishni istamadim...

Sinfga jimlik cho’kdi. Azamat o’z zehni bilan hammamizni lol qoldirgandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech