O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

QAHRAMON

O‘zimizning manfaatimiz uchun qanday harakat qilsak, millatimiz manfaati uchun ham shu tariqa harakat qilishimiz lozim.

                      Fitrat

Xizmat xonamda ekspertiza xulosalarini yozib, tushlik qilish uchun idoradan chiqayotganimda navbatchi menga soat uchda majlis bo‘lishini bildirdi. Toshkentdan, IIVdan vakillar kelishgan ekan. Tushlikdan so‘ng majlislar zaliga kirayotganimda “Oybek do‘stim”, degan tanish ovoz eshitildi. Orqamga qarasam kursdoshim Baxtiyor men tomonga quchog‘ini ochgancha kelayotgan ko‘rib, qarshisiga bordim. Biz salomlashib, bir-birimizdan hol-ahvol so‘radik.

– Do‘stim, hozir majlisdan so‘ng ko‘rishamiz, – dedi Baxtiyor.

Zalga kirgan vaqtimda nigohim bilan do‘stim Sardorbekni izladim va uning yoniga borib o‘tirdim. Darvoqe, Sardorbek Bahromovich ham mening kursdoshim, tuman tergov bo‘limi boshlig‘i. Rahbarimiz bizga Baxtiyorni tanishtirayotganda do‘stimning “podpolkovnik” unvonini olganligini ko‘rib havas qildim. Muddatidan oldin olibdi-da, biror jasorat ko‘rsatgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va Sardorbekka sekin pichirladim:

– “Podpolkovnik” olibdimi?

– Ha, katta bir jinoyat ishini tergov qilgan, biroq kamtarin yigit, – dedi Sardorbek.

– Bilaman, tahsil olgan davrimizda ham bunga guvoh bo‘lganman.

Baxtiyor minbarda turib, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘layotgan muhokamalar va ayrim xodimlarning noto‘g‘­ri xatti-harakatlari oqibatida xalqimiz butun tizimga baho berayotganligi va kasbimiz taqazo etadigan masʼuliyat to‘g‘risida gapirdi.

Uchrashuvdan so‘ng uchala kursdosh o‘tirib suhbatlash­dik.

– Bilasizmi, men pogondagi yulduzlar boshqalardan ajralib turish uchun beriladi, deb o‘ylardim, – dedi Sardorbek gap orasida.

– Hozir-chi? – deb so‘radim men. Baxtiyor ham Sardorbekka savol nazari bilan qaradi.

– Hozir esa yerda yurishing uchun berilar ekan, deb o‘ylayman, – dedi Sardorbek.

– Tushunmadim? – dedim.

– Yaʼni, dastlab ikki yulduzcha har bir yelkada, so‘ng uch, to‘rt... Pogonga sig‘maganidan so‘ng kattaroq bir, ikki va uchta yulduzcha... Har bir yelkadagi yulduzchalar yillar o‘tgani sayin oyog‘ing yerdan uzilmasligi uchun, ikki yelkangni bosib turish uchun berilgandek go‘yo!

– Ajoyib o‘xshatish, – dedi Baxtiyor. Shundan so‘ng Baxtiyor Sardorbek ikkimizga yuzlanib:

– Ayrim xodimlarning xizmat vaqtida qilgan noto‘g‘ri harakati tufayli butun boshli Ichki ishlar tizimiga baho berilayotgani bizning og‘riqli nuqtamiz. Axir qancha-qancha xodimlarimiz xizmat vaqtida jasorat ko‘rsatib vafot etdi, kecha-kunduz uyqularidan kechib fuqarolarning osoyishtaligini saqlash uchun tinmay mehnat qilishdi, to‘g‘ri, “guruch kurmaksiz bo‘lmaydi” – dedi kuyunchaklik bilan Baxtiyor.

– Men ularni guruch orasidagi “kurmak”ka emas, achchiq danak mag‘ziga o‘xshatgan bo‘lardim. Chunki, kurmak guruch ichida ajralib turadi va uni olib tashlash mumkin, biroq mag‘zini yeb ko‘rmasdan bilmaysan. Bu xuddi danak mag‘izlarini maza qilib yeb turgan vaqtingda, achchiq mag‘zi butun og‘zingni zaharlaganidek, – dedim men.

– Ajoyib o‘xshatish, – dedi bu safar Sardorbek va Baxtiyor.

Shundan so‘ng do‘stimiz Baxtiyor Toshkentga qaytib ketdi. Sardorbek tezkor tergov guruhi tarkibida tekshiruvchi bo‘lganligi uchun qolishini bildirdi. Men qo‘shni tumanda yashayman va uyga mashinamda qaytib ketayotgan vaqtimda, o‘zim istiqomat qiladigan tumanga yetib keldim. Yo‘lning xavfli burilish joyi bor, bu yer xavfli bo‘lganligi uchun tezlikni sekinlatdim va yo‘l o‘rtasida oldimda odamlar to‘planib turganligini ko‘rib, mashina tezligini pasaytirdim. Odamlar to‘planib turgan joyga qarasam ikkita mashina to‘qnashgan holatda turgan ekan. Mashinamni chekkaga olib to‘xtatdim va hodisa joyiga bordim. Atrofini odamlar o‘rab olgan, hamma telefoniga tasvirga tushirish bilan ovora. Bu joy doim xavfli bo‘lib, tez-tez yo‘l transport hodisasi bo‘lib turardi. Odamlar mashina atrofida turgan vaqtida tez kelayotgan mashina ularni urib yubormasligi uchun, to‘planganlardan bu joydan ketishini so‘radim. Aksiga olib odamlar ham imillagancha ketishni xohlamas, har kim o‘zicha yo‘l transport hodisasini muhokama qilardi va boshqalari esa tasvirga olishda davom etardi. Men burchimni bajarish uchun shu tumanning navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qildim va tezkor tergov guruhi yetib kelgunicha odamlarni hodisa joyidan uzoqlashtirib, xavfsizlikni taʼminlashga harakat qildim.

– Odamlarga ham hayronman, birov og‘ir holatga tushganda nima bor bunday tomoshabin bo‘lib, har tugul, o‘zimning mahallamga yaqin bo‘lgan hudud bo‘lganligi uchun kimdir meni taniganligi sababli kimdir esa xizmat kiyimida yurganligi uchun talablarimni bajarishdi. Ayrimlar esa men bilan tortishib, vaqtimni oldi. Shu vaqtda menga tanish, mening idoramda birga ishlaydigan xodimning mashinasini ko‘rdim-u, qo‘limni ko‘tardim. Mashinada haydovchisi Latifbek bo‘lib, u ham mendan qo‘shni tumanda ishlaydi. O‘zi mendan bir mahalla narida yashaydi. Uning doim ishdan qochishga harakat qiladigan yigit ekanligini bilsam-da, qandaydir umid bilan unga holatni tushuntirib yordam berishini so‘radim. U menga kulib:

– Nima qilasan, boshingni og‘ritib, bu bizning tumanmas-ku, shu yerning xodimlari kelishadi, mening vaqtim yo‘q, – dedi va senga boshqa gapim yo‘q deganday, mashina eshigini yopib ketib qoldi.

Odamlar oldida o‘zimni noqulay sezdim va uning ortidan qarab:

– Achchiq mag‘iz… – deb qo‘ydim ichimda.

Shu yerda xiralik qilib to‘qnashgan mashinalar yonidan ketmayotgan, bir yosh qizaloq mashinadan narsamni olay deb yonimga kela boshladi. Orqamdan katta tezlikda kelgan mashinani keskin tormoz berganini eshitdimu, qizaloqni qo‘lim bilan nari tomonga itarib yubordim deguncha shunday katta kuch menga zarba berib, yonimdagi to‘qnashuvga uchragan mashinani old chap tomoniga urdi. Men ixtiyoriymi yoki majburiymi shu yerga o‘tirib qoldim. Atrofimni odamlar o‘rab oldi.

– Yaxshimisiz, nafas oling, – deyishardi ular.

– Qizaloq yaxshimi, hech narsa qilmadimi? – dedim.

– Ha, qizaloq yaxshi, uning hayotini qutqarib qoldin­giz, – dedi kimdir.

Qochinglar, aytdim-ku bu yer xavfli, – deb ularni bu joydan uzoqroqqa ketishga undadim va o‘rnimdan turish uchun harakat qilmoqchi bo‘ldim.

Meni shu yerdagi odamlar ko‘tarishdi va bir Matiz haydovchisi kelib, mashinaning orqa o‘rindig‘iga yotqizib, old yo‘lovchi o‘rindig‘ini pastlatib, oyoqlarim­ni o‘sha yerga ko‘tarib qo‘yishdi. Oyoqlarimda og‘riq sezmasamda, ularni qimirlatishga qiynalayotgan edim.

– Mashinani to‘xtatinglar, axir guruh kelgunicha ularga qarab turishim kerak, yana birovlarni urib ketishmasin, – dedim.

– Oybek aka, tinchlaning, kasalxonaga boramiz, – deb yonimdagi yigit yelkalarimdan bosib o‘tirdi.

Matiz mashinasi harakatlanib borayotib salon chirog‘ini yoqdi. Shu vaqtda shimimning tizzasidan pas­ti yirtilib, o‘ng oyog‘imni tizzadan pastki suyagini chiqib turganligini ko‘rib dahshatga tushdim. Birdan og‘riqni his qildim. Buning ustiga, chap oyog‘imning panja qismi suyagi ham singan ekan...                               

*

Mana ikki oydan beri to‘shakda mixlanib yotibman, do‘stim Sardorbek har kuni meni ko‘rishga kelib turadi. Bugun ham kelib menga:

– Do‘stim, sen haqiqiy qahramonsan, – dedi mehri­bon­lik bilan qarab.

– Yo‘q, men o‘z vazifamni bajardim, haqiqiy qahra­monlar bemorlar jonini saqlash uchun kurashayotgan shifokorlar, chegara va hudud ichkarisidagi harbiylar, halol mehnat qilayotgan insonlar, – dedim.

– Ha, o‘z vazifasini vijdonan bajarayotgan insonlar ham qahramon, – dedi Sardorbek va gapida davom etib:

– Do‘stim, senga xushxabarim bor!

– Xo‘sh? – dedim uning nima demoqchiligini bilish uchun ko‘zlariga qarab.

– Senga “Jasorat” medali berilganligini to‘g‘risi­da eshitdim. Menimcha, oyoqqa turganingda o‘z qo‘ling bilan olsang kerak.

– Nahotki, vazifamni bajarganligim uchun shunday katta mukofotni ravo ko‘rishgan bo‘lsa, – deb xayolimdan o‘tkazdim.

– Yana bitta gap, kecha Latifbekni bir-ikkita “notoza” ishlari uchun bo‘shatishibdi.

– Achchiq mag‘iz... – dedim pichirlab... 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech