Vazir o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazildi
Ichki ishlar vazirligi tomonidan aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish va murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilib, Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, 26 mart kuni Vazir o‘rinbosari R.Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazilib, aholining mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida, jami 70 nafar fuqarolarning 52 dan ortiq murojaatlari o‘rganildi. Murojaatlarning 34 tasi tergov va surishtiruv faoliyati, 4 tasi tergovga qadar tekshiruv, 1 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan va 13 tasi ichki ishlar organlariga oid boshqa masalalarni tashkil etadi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar aholisi uchun shaxsiy qabul onlayn shaklda ham tashkil etilib, onlayn shaklda kechgan qabul davomida Andijon, Qoraqalpog‘iston, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida istiqomat qiluvchi fuqarolardan murojaatlar kelib tushdi.
Shaxsiy qabul davomida Vazir o‘rinbosari hamda masʼul rahbar va xodimlar tomonidan fuqarolar bilan ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazildi. Xususan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlar qabul qilinib, ularni qonuniy va tezkor hal etish bo‘yicha masʼullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 17 tasi yoki 33 foizi shu joyning o‘zida qanoatlantirildi, 8 tasi yoki 15 foizi bo‘yicha fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi. Qolgan 27 ta murojaat yoki 52 foizi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi sababli ijroga yo‘naltirilib, o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqot va shaxsiy qabullar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Tergov departamenti