O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Samarqandda “XXI asr ijtimoiy muammolarini hal qilishda Markaziy Osiyo xotin-qizlarining roli” mavzusidagi xalqaro forum ishi boshlandi

2019-yil 31-oktyabr kuni Samarqandda “XXI asr ijtimoiy muammolarini hal qilishda Markaziy Osiyo xotin-qizlarining roli” mavzusida xalqaro forum ishini boshladi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, “SABR” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi tomonidan qator davlat tuzilmalari va nodavlat tuzilmalar bilan birgalikda tashkil etildi. 

Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, nufuzli xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari va nodavlat tuzilmalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.  

Ta’kidlanganidek, jamiyatda ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirishda, xotin-qizlarni davlat boshqaruvi tizimiga kengroq jalb etish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishda O‘zbekiston Respublikasining Gender tengligini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining faoliyati alohida o‘rin tutadi. Komissiya tomonidan mamlakatimizda ayollar mavqeini yanada mustahkamlashga, ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish borasida izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Xususan, Komissiya ishtirokida tashkil etilgan mazkur xalqaro forum ham xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekiston jamoat tashkilotlari, biznes va davlat sektori vakilalari tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyat va eng yaxshi innovatsion loyihalar taqdimoti uchun maydon vazifasini o‘tashi alohida qayd etildi.

Mintaqamiz mamlakatlari bilan bir qatorda Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarning NNT, biznes, davlat tuzilmalari, deputatlar korpusi, xalqaro tashkilotlar, OAV vakillarini faol jalb qilish forumning muhim jihati hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, xotin-qizlar mavqeini yanada yuksaltirish bo‘yicha tajriba almashish va mintaqalararo muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Ta’kidlanganidek, insoniyat taraqqiyotining cho‘qqisi deb ta’riflanayotgan zamonimiz bashariyat oldiga ko‘plab ijtimoiy muammolarni qo‘ydi. Ekologik vaziyatning murakkablashuvi, texnologik taraqqiyot natijasida dunyo miqyosida ishsizlikning ortishi, demografik muammolar, qolaversa, giyohvandlik va terrorchilik kabi illatlar shular jumlasidandir.

Global miqyosda dolzarb ahamiyat kasb etgan bu masalalarni hal qilish uchun jamiyatning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etish, demakki, xotin-qizlarning ham faolligini oshirish zarurligi anjumanda alohida qayd etildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganlaridek, ayollarning ijtimoiy hayotdagi mavqeini oshirishda ularning keng miqyosda ta’lim olishlarini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Aynan ta’lim xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirishda, ularning mamlakat hayotidagi obro‘sini yuksaltirishda hal qiluvchi omillardan biri hisoblanadi. Qolaversa, ta’lim insonni shaxs sifatida kamol toptirishda va o‘z kuchiga ishongan mutaxassis va xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim vositasi sanaladi. 

Bu masalani hal etishda Mahalliy rivojlanish markazlari va Mahalliy hamjamiyatlar o‘qitish markazlari muhim rol o‘ynaydi. Ularning tashkil etilishi hozirgi vaqtda ham ilg‘or, ham iqtisodiyoti uncha rivojlanmagan ko‘p mamlakatlarda dolzarbdir.

O‘zbekistonda Mahalliy rivojlanish markazlarini (MRM) yaratish g‘oyasi sakkiz yil avval “SABR” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazini tashkil etishdan boshlandi. Bu g‘oya qo‘llab-quvvatlandi va hozirgi vaqtda rivojlanmoqda hamda davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda sinovdan o‘tmoqda. Anjumanda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning shu kabi shakllari atroflicha muhokama qilinadi.

Ikki kunlik forum davomida uning asosiy mavzusiga aloqador ko‘plab muhim masalalar ko‘rib chiqiladi. Markaziy Osiyoda gender tenglikni ta’minlash, ayollar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlar va oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion loyihalar, aholining yordamga muhtof qatlamlarining moliyaviy resurslardan, AKT va OAVdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, tadbirkorlikni, shu jumladan oilaviy biznesni rivojlantirishda ayollarning o‘rnini mustahkamlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

 Shuningdek, anjumanda kichik biznesni rivojlantirishga va aholining yordamga muhtoj qatlamlari bandligini ta’minlashga qaratilgan tashabbuslar, qishloq joylardagi xotin-qizlar va yoshlar turmush sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar muhokama qilinadi.

Xalqaro forumda ijtimoiy vazifalarni hal etishga va aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion loyihalarni targ‘ib qilish uchun hamkorlik, gender tenglik masalalari bo‘yicha davlat organlari va NNT o‘rtasida ijtimoiy sheriklik asosida muloqotni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqiladi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech