O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropovning Farg‘ona viloyatiga amalga oshirilgan xizmat tashrifi doirasida tergov faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Farg‘ona viloyatida tergov faoliyatini yanada takomillashtirish va uni yangi bosqichga ko‘tarish, ichki ishlar hamda prokuratura organlari tizimida faoliyat yuritayotgan tergov xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud hamkorligida, Davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi yig‘ilishida hamda joriy yil 27-yanvar kuni Toshkent shahrida xavfsiz muhitni yaratish bo‘yicha ilg‘or tajribani shakllantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Farg‘ona viloyati IIBda mazkur seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud sudyasi Taganov Sardor Dilshodovich, viloyat IIB hamda uning quyi tuzilmalari tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat prokuraturasi masʼul rahbarlari, tuman va shahar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari hamda tergovchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Seminar davomida “Jinoyatlar va hodisalar to‘g‘risidagi ariza hamda xabarlarni qabul qilish, ro‘yxatga olish, ko‘rib chiqish va yakuniy qaror qabul qilish tartibi, shuningdek, ushbu jarayonlarda qonun ustuvorligini taʼminlash masalalari” mavzusida keng qamrovli maʼruzalar taqdim etildi.

Mazkur o‘quv-amaliy anjuman tergov sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etib, unda tajribali mutaxassislar tomonidan sud jarayonlarida jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda tergov va surishtiruv organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, tergov jarayonida raqamli kriminalistika asosida elektron dalillarni aniqlash va mustahkamlashning zamonaviy usullari, shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlar — kiberjinoyatlarni fosh etishning o‘ziga xos jihatlari yuzasidan maʼruzalar qilindi.

Shuningdek, bu kabi o‘quv-amaliy seminarlar kelgusida ham tizimli ravishda tashkil etilib, tergov faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda xodimlarning kasbiy mahoratini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tergov departamenti.

Text to speech