O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Tergov departamentida so‘roq qilishning maxsus xonasi tashkil etildi

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini, eng avvalo, jinoiy tajovuzlardan himoya qilishning ishonchli kafolatlarini ta’minlashga, shuningdek, ularning sha’ni va kadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 18.04.2017 yildagi «Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-2898-son qarorining 6-bandi birinchi xatboshisi ijrosi yuzasidan tergov bo‘linmalarida so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, shuningdek tergov harakatlarini audio- va video qayd etish tizimlari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etish borasida SHvetsariya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya Federatsiyasi kabi ilg‘or davlatlarning tajribalari o‘rganilib, YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamentida maxsus tergov, voyaga etmaganlarni so‘roq qilish va operator xonalaridan iborat kompleks namunaviy maxsus xonalar tashkil etildi.

Bu borada, ilg‘or xorijiy tajriba, lozim bo‘lgan texnik vositalarning xususiyatlari o‘rganilib, eng so‘nggi zamonaviy axborot kommunikatsiyalari, jumladan so‘roq jarayonini stenografiya qilish, videokuzatuv, audio- va video qayd etish vositalari, shuningdek bir tomonlama ko‘rish imkonini beruvchi maxsus «Gezella» oynasi o‘rnatildi.

Tashkil etilgan mazkur maxsus xonalar so‘roq, yuzlashtirish, shaxsni tanib olish, masofadan turib videokonferensaloqa tizimida tergov harakatlarini olib borish imkonini berish bilan birga dalillarni to‘plash, mustahkamlash, tekshirish va baholashda qonuniylik va xolislikni ta’minlaydi.

SHu bilan birga, bu kabi maxsus xonalar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli kafolatlarini ta’minlash, ularning sha’ni va kadr-qimmati kamsitilishiga, qonuniy manfaatlari cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik, tergov qilish jarayonida dalillarni to‘plash va mustahkamlashda dalillar maqbulligi talablariga og‘ishmay va qat’iy rioya qilish, shuningdek jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud kadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlari kabi noqonuniy usullarni qo‘llashni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar IIBB, viloyatlar IIBlari huzuridagi tergov boshqarmalari hamda barcha tuman (shahar) tergov bo‘linmalarida shu kabi maxsus xonalar tashkil etilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech