O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Oʼzbekiston Prezidenti Vengriya delegatsiyasini qabul qildi

18 fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hukumatlararo qoʼshma komissiyaning navbatdagi yigʼilishini oʼtkazish uchun amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʼlib turgan Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Davlatimiz rahbari Oʼzbekiston va Vengriya oʼrtasidagi anʼanaviy doʼstlik va koʼp qirrali sheriklik munosabatlari oxirgi yillarda izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

 

Turli darajada samarali muloqotlar yoʼlga qoʼyildi. Mamlakatlarimiz oʼrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʼtgan yil yakunlariga koʼra 45 foizga ortdi. Qishloq xoʼjaligi, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qoʼshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Taʼlim, madaniyat va turizm sohasidagi almashinuvlar kengaymoqda.

Peter Siyyarto samimiy qabul uchun Oʼzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik va mintaqaviy, jumladan, Yevropa Ittifoqi bilan muloqot formatidagi sheriklikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Vengriyaning yetakchi kompaniyalari ilgʼor tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini joriy etgan holda qoʼshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda ularni moliyalashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Hududlararo aloqalarni rivojlantirish, bank, transport sohalariga oid dastularni amalga oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash istiqbollari muhokama qilindi.

Boʼlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham koʼrib chiqildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech