O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2018 yil 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisini joriy yilning  27 sentyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga O‘zbekiston Respublikasining bir qator qonunlari hamda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini tubdan oshirishga, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini izchil ijro etishga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan masalalar kiritilmoqda.

“Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”gi (yangi tahrir), “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga, yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini, aholini ijtimoiy himoya qilishni ta’minlash va uy-joy kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirishga, jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoiy javobgarlikni liberallashtirishga, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari, senatorlar xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlarini ham ko‘rib chiqadilar, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi aholisiga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturining ijrosi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarining axborotini eshitadilar.

Yalpi majlisda Buxoro viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat a’zolari qishloq xo‘jaligida mehnatga oid munosabatlarni tartibga solish hamda mazkur sohadagi norasmiy bandlik masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - moliya vaziriga parlament so‘rovi yuborish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladilar.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n oltinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Senat Kengashi tomonidan ishchi guruh tuzildi. 

Majlisda Senat Kengashi vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech