O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa joyida bo‘lib, tergov-tezkor guruhi faoliyatini muvofiqlashtirdi

Avval xabar berilganidek, bugun soat 14:46 larda Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Bo‘ston mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ko‘p qavatli uylardan birida chaqnash sodir bo‘lib, uning oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Hodisa natijasida bir nechta xonadonlarga zarar yetgan.

Baxtsiz hodisa oqibatida mazkur uyda istiqomat qilgan, 2007 yilda tug‘ilgan fuqaro beton qoplama (plita) bosib qolishi sababli og‘ir tan jarohati olib, voqea joyida vafot etgan. Boshqa shaxslarning jarohat olgani to‘g‘risida maʼlumot kelib tushmagan.

Xabar asosida hodisa joyiga ichki ishlar organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning masʼul xodimlari yetib kelib, yong‘inni bartaraf etish, chaqnashning kelib chiqish sabablarini aniqlash va hodisa joyini ko‘zdan kechirish ishlariga kirishildi.

Vazir o‘rinbosari R.Ashropov tomonidan voqea joyida tergov-tezkor guruhi tuzilib, masʼul xodimlarga zarur topshiriqlar berildi. Jumladan, hodisa joyini Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga muvofiq hujjatlashtirish, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan narsa va buyumlarni olish, guvohlardan batafsil ko‘rsatmalar olish hamda boshqa zarur tergov harakatlarini amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona viloyati IIB 2-mintaqaviy hudud Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoyat ishi Tergov departamenti tomonidan nazoratga olindi.

Tergov departamenti

Text to speech