Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazildi
Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash tizimi samaradorligini oshirish, aholi bilan ochiq va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan shaxsiy va sayyor qabullar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Jumladan, Vazir o‘rinbosari R.Ashropov tomonidan navbatdagi shaxsiy qabul o‘tkazilib, aholining mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish maqsadida fuqarolarning murojaatlari tinglandi.
Qabul davomida jami 148 nafar fuqarolarning 129 dan ortiq murojaatlari o‘rganildi. Murojaatlarning 98 tasi tergov va surishtiruv faoliyati, 20 tasi tergovga qadar tekshiruv, 5 tasi xodimlarning xatti-harakatlari yuzasidan va 6 tasi ichki ishlar organlariga oid boshqa masalalarni tashkil etadi.
Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar aholisi uchun shaxsiy qabul onlayn shaklda ham tashkil etilib, olis hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning mavjud muammolari videokonferens aloqa orqali tinglandi.
Shaxsiy qabul davomida Vazir o‘rinbosari hamda masʼul rahbar va xodimlar tomonidan fuqarolar bilan ularni qiynayotgan muammolar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazildi. Xususan, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, yo‘l harakati xavfsizligi hamda boshqa yo‘nalishlardagi murojaatlar qabul qilinib, ularni qonuniy va tezkor hal etish bo‘yicha masʼullarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 31 tasi yoki 24 foizi shu joyning o‘zida qanoatlantirildi, 15 tasi yoki 11,6 foizi bo‘yicha fuqarolarga tegishli tushuntirishlar berildi. Qolgan 83 ta murojaat yoki 64,3 foizi qo‘shimcha o‘rganish talab etganligi sababli ijroga yo‘naltirilib, o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.
Aholi bilan bunday ochiq muloqot va shaxsiy qabullar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Tergov departamenti