O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi yoki ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik qonuniy zarurat

Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida jinsiy erkinlikka qarshi sodir etilgan jinoyat jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, ushbu jinoyat joriy yilning 23 may kuni fuqaro M.B.ga nisbatan A.F. tomonidan sodir etilgan va ushbu haqda ariza bilan murojaat qilingan vaqtdan boshlab mazkur holat belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan holda, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 391-moddasi tartibida tergovga qadar tekshiruv harakatlari amalga oshirilgan.

Jumladan, sudga oid tegishli ekspertizalar tayinlangan, holatning shohidlari aniqlanib, ko‘rsatuvlari rasmiylashtirilgan hamda qator protsessual harakatlar amalga oshirilgan.

Ekspertiza xulosalari va to‘plangan dalillarga asoslangan holda, Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishilgan.

Jinoyat ishi doirasida bir qancha protsessual harakatlar o‘z vaqtida, har tomonlama, to‘la va xolisona olib borilib, gumon qilinuvchi dastlabki tergovdan yashiringanligi sababli, Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga asosan, qonuniy zarurat vujudga kelganligi munosabati bilan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi bilan ayb eʼlon qilinib, ehtiyot chorasi sifatida “qamoqqa olish” qo‘llanilgan. Ichki ishlar organlarining tezkorlik bilan amalga oshirgan protsessual harakatlari natijasida gumon qilinuvchi qo‘lga olinib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun-hujjatlariga ko‘ra, fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi yoki ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik qonunda belgilab qo‘yilgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13, 27 va 48-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, har kim o‘z shaʼni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish kishilarning huquqlari erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliklari qatʼiy belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining (yangi tahrirda) 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning shaʼni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanishi belgilangan.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 17-moddasiga muvofiq, inson shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli maʼlumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va maʼnaviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanadi. Ushbu kodeksning 19-moddasiga ko‘ra, shu va shunga o‘xshash maʼlumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida ishlarni yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yiladi.

Afsuski, milliy qonunchiligimizda fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi yoki ularning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitadigan maʼlumotlarni oshkor qilmaslik qonuniy zarurat sifatida belgilangan bo‘lsa-da, jinoyat ishi doirasida shaxsga doir maʼlumotlarning keng jamoatchilikka oshkor qilinishi natijasida ushbu shaxs va uning yaqinlari o‘zlarini jamiyatdan olib qochishlariga, ularning ruhiy tushkunlikka olib kelishi mumkinligi baʼzi mutasaddilarning eʼtiborlaridan chetda qolmoqda.

Bundan tashqari, bu toifadagi jinoyatlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoritish davomida jabrlanuvchi va uning oila aʼzolaridan intervyu va boshqa jinoyat ishiga aloqador maʼlumotlarni olib, ishni sudgacha borgunga qadar fuqarolar orasida jabrlanuvchining ko‘rsatmasi asosida boshqa shaxslarni aybdor qilib ko‘rsatish holatlari uchrab turibdi.

O‘tkazilgan tergov natijasida baʼzi hollarda gumon qilinayotgan shaxsning aybsiz bo‘lib chiqayotganligi ham hech kimga sir emas. Misol tariqasida Surxondaryo va Andijon viloyatlarida sodir bo‘lgan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlari ham avvaliga tergov organi tomonidan adolatli qaror qabul qilinmayotganligi haqida keng jamoatchilik o‘rtasida xabar tarqatilgan bo‘lsa-da, biroq dastlabki tergov jarayonida to‘plangan dalillarga asosan ushbu jinoyatlardagi holatlar aslida to‘qib chiqarilganligi va jabrlanuvchilarning shu tariqa ko‘rsatmalar berishida boshqa bir shaxslar manfaatdor ekanliklari aniqlangan.

Shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilish – barcha davlat organlari va jamoat tashkilotlari, mansabdor shaxslar va fuqarolarning majburiyati bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida yoritilayotgan har bir jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar zamirida undan jabr ko‘rgan fuqarolarning shaʼni, qadr-qimmati va obro‘si yotadi.

Baʼzi hollarda esa, ushbu jinoyatlar bo‘yicha maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘lishi, u haqidagi maʼlumotlarni uzluksiz va ko‘r-ko‘rona bayon etib borilishi jinoyatdan jabrlanganlar tomonidan suitsidial harakatlarni amalga oshirishlariga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan keng jamoatchilik, masʼul mutasaddilar hamda blogerlardan yuqorida keltirilgan faktorlarni inobatga olgan holda, bunday turdagi jinoyatlarni tafsilotlarini yoritmaslik, faqatgina sud hukmi kuchga kirganidan so‘nggina, belgilangan tartibda davlat idoralarining rasmiy xabarlariga asosan maʼlumotlar yoritilishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish natijasida sodir etilgan jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilganligi haqida eslatib o‘tishni lozim topamiz.

Iqtibos: JKning 103-modda 2-qismi “G” bandi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish), 139-modda (Tuhmat), 140-modda (Haqorat qilish), 2446-modda (Yolg‘on axborot tarqatish), 236-modda (Tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish).

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech