Buxorodan kelgan «Cobalt» Sirdaryoda olib qochildi
Sirdaryo viloyati. Joriy yilning 2 noyabr kuni soat 12:40 atrofida Sirdaryo tumani IIBga kelib tushgan xabarda Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro X.S. boshqaruvida bo‘lgan «Cobalt» rusumli avtomashina olib qochilgani ma’lum qilingan. Xabarga ko‘ra, X.S. avtomashinani Sirdaryo tumani Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi to‘yxona oldida to‘xtatib, uni ochiq qoldirgan holda do‘konga kirgan vaqtda noma’lum shaxs transport vositasini olib qochgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan tergov-tezkor guruhi chiqib, olib borilgan tadbirlar natijasida «Cobalt» rusumli avtomashina Sirdaryo tumani Islomobod MFY hududidagi ovqatlanish shoxobchalaridan biri yonida qarovsiz qoldirilgani aniqlangan.
Tergov harakatlari davomida avtomashinani olib qochgan shaxs 2006 yilda tug‘ilgan H.O. ekani aniqlanib, u Buxoro viloyatida avtomashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirib, haydovchi bilan uni Sirdaryo viloyatigacha olib borib qo‘yishga kelishgan, yo‘lda esa haydovchi do‘konga kirib chiqish uchun avtomashinadan tushgan vaqtida H.O. transport vositasini olib qochganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, H.O.ning avval sodir etilgan bir nechta o‘g‘irlik jinoyatiga aloqadorligi aniqlangan.
Avtomashinani olib qochish holati yuzasidan Sirdaryo tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan H.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, H.O.ga mazkur modda bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinadi.
Hurmatli fuqarolar, ogohlik — davr talabi. O‘z mulkingizga befarq bo‘lmang.
Tergov departamenti