Bir qo‘ng‘iroq bahonasidagi talonchilik
Samarqand viloyati. Joriy yilning 1-noyabr kuni 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Q.K. Samarqand viloyati IIBning «102» qisqa raqamiga murojaat qilib, 1-noyabr kuni noma’lum shaxs unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, bahosi 7 000 000 so‘m bo‘lgan «iPhone 14» rusumli telefonini tortib olib ketganini ma’lum qilgan.
Xabarga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan kuni soat 06:50 atrofida Q.K. Samarqand shahrining Nayman mahallasida ketayotgan vaqtida notanish shaxs undan tanishiga qo‘ng‘iroq qilib olish uchun telefonini so‘ragan. Q.K. dastlab rad javobini bergan bo‘lsa-da, notanish shaxsning qayta-qayta so‘rashidan so‘ng telefonidan foydalanishga ruxsat bergan. Qo‘ng‘iroqdan so‘ng Q.K. telefonini qaytarishni so‘raganida, notanish shaxs hayot uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatgan holda telefonni tortib olgan va hodisa joyidan yashiringan.
Kelib tushgan xabar asosida tergov-tezkor guruhi zudlik bilan hodisa joyiga chiqqan. Hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, voqea aks etgan videoyozuvlar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan. Olib borilgan tadbirlar natijasida mazkur jinoyatni 2006-yilda tug‘ilgan fuqaro M.I. sodir etgani aniqlangan.
O‘tkazilgan dastlabki tergov harakatlari davomida M.I. o‘z aybiga iqror bo‘lib, o‘ziga notanish bo‘lgan shaxsdan talonchilik yo‘li bilan «iPhone 14» rusumli telefonini tortib olib , oson pul topish maqsadida boshqa notanish shaxsga 150 dollarga sotgani va pulni shaxsiy ehtiyojlariga sarflaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, uning boshqa jinoyatlarga ham aloqadorligi aniqlangan.
Tergov topshiriqlarining ijrosi davomida Q.K.ga tegishli telefon topilib, jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil tariqasida e’tirof etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahаr IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.I.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. M.I. protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Tergov departamenti