O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Mast holatda avtomashina boshqargan shaxs ikki insonning umriga zomin bo’ldi

2019 yilning 27 iyun kuni soat taxminan 23:20 da, fuqaro K.D. o‘ziga tegishli bo’lgan “Neksiya” rusumli avtomashinani mast holatda Xorazm viloyati Bog‘ot tumani hududidan o‘tgan “4R156” avtomobil yo‘lining 31-kilometrida boshqarib borayotib, “Yo‘l harakati qoidalari”ning 12 va 77-bandlari talablarini qo‘pol ravishda buzib, yo‘l chetida turgan piyoda M.I. va B.E.larni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan. Natijada M.I. va B.E.lar olgan tan jarohatlari oqibatida hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etishgan.

Mazkur holat yuzasidan Bog‘ot tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan K.D.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davrida K.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “garov” ehtiyot chorasi tanlangan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Hazorasp tuman sudining 18.09.2019 yildagi hukmiga ko‘ra, fuqaro K.D. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 5 yil muddatga ozodlikni cheklash va 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech