O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Olmaliq shahrida sodir etilgan qotillik jinoyati Tergov departamentining sa’y-harakatlari bilan fosh etildi

   2018 yil 11 yanvar kuni voyaga etmagan K.H. bedarak yo‘qolib, shu yilning 18 yanvar kuni uning jasadi Toshkent viloyat Olmaliq shahar Kitve ko‘chasidagi issiqlik quvurlari o‘tgan chuqurlik (kolodets) ichidan topilganligi holati yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergovga tegishliligiga ko‘ra, Olmaliq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan.

   Jinoyat ishi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilib, departament ish yurituviga olingan.

   Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov davomida aniqlanishicha, 2018 yil 11 yanvar kuni soat taxminan 16:30 da, voyaga etmagan A.N. va uning ukasi O.N.lar jabrlanuvchi K.H.ga tegishli bo‘lgan “X-BQ” rusumli uyali telefonni sotib olish bahonasida uni o‘zlari yashab kelgan uyga olib kelib, uyali telefon apparatini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida unga hujum qilib, uning bosh va yuz sohalariga bir necha marotaba urib, nafas yo‘llarini berkitib, qasddan o‘ldirganlar.

   Shundan so‘ng aka-uka qotillar o‘zlari sodir etgan jinoyatni yashirish maqsadida K.H.ning jasadini Olmaliq shahar Beruniy va Kitve ko‘chalari kesishgan joydagi issiqlik quvurlari o‘tgan quduqqa olib borib, quduq ichiga oldindan uylaridan olib kelgan choyshab yordamida tushirib, choyshabni K.H.ning boshi tagiga yostiq sifatida joylashtirib, uning jasadini uxlab yotgan shaxs ko‘rinishiga keltirib, hodisa joyidan yashiringanlar.

   Dastlabki tergov davomida A.N. va O.N.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i,p” bandlari (qasddan odam o‘ldirish tamagirlik niyatida, bir guruh shaxslar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) va 164-moddasi 2-qismi “b” bandi (bosqinchilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini talon-toroj qilish maqsadida hujum qilib, hayot yoki sog‘liq uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) bilan ayblov e’lon qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda dastlabki tergov ayblov xulosasi tuzish bilan tamomlanib, jinoyat ishi ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sudlovga yuborish masalasini hal qilish uchun Jinoyat-protsessual kodeksining 381-moddasi (jinoyat ishining prokurorga yuborilishi) tartibida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.

   Jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan mazmunan ko‘rib chiqilib, sudning 2019 yil 13 maydagi hukmiga ko‘ra, A.N. va O.N.lar Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “i,p” bandlari va 164-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilib, A.N.ga nisbatan 11 yil muddatga, O.N.ga nisbatan esa 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

 O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech