O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Mahalladoshiga nisbatan tovlamachilik jinoyatini sodir etgan shaxsga sud hukmi o‘qildi

2018 yilning yanvar oyida fuqaro M.U. mahalladoshi A.N.ga Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumani, G‘alaba mahallasi hududida joylashgan maishiy xizmat ko‘rsatish markazi binosida sartaroshlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi ekanligi va buning uchun unga pul mablag‘lari zarur bo‘layotganligini aytib, undan 2.500 AQSh dollari miqdorida qarz berib turishini so‘ragan. A.N. esa uning faoliyatiga yordam ko‘rsatish maqsadida unga 2.500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni va ushbu pullarni bankdan kredit sifatida olganligi haqida kredit to‘lov jadvalini bergan.

Biroq, 2018 yilning sentyabr oyida fuqaro M.U. mahalladoshi A.N. unga bergan pul mablag‘larini bankdan kredit sifatida olmaganligi, pullarini qaytarib olishda muammo bo‘lmasligi uchun unga ushbu pullarni bankdan kredit sifatida olganligini aytib, kredit to‘lov jadvalini taqdim etganligidan xabar topib, A.N.ning bank tizimida rahbarlik lavozimida ishlashidan foydalanib, unga kredit to‘lov jadvalini soxtalashtirganligi haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilmasligi evaziga 10.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni talab qilib, uni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘ygan.

Shundan so‘ng, fuqaro A.N.ning 2019 yil 3 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘i nomiga yozgan arizasiga asosan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir jarayonida fuqaro M.U. ariza muallifi A.N.dan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgan 10.000 AQSh dollari miqdoridagi pullardan 7.000 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 4 mart kuni Yangiqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan M.U.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borishga kirishilgan.

Dastlab tergov jarayonida fuqaro M.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va dastlabki tergov ayblov xulosasini tuzish bilan tamomlanib, sud muhokamasiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uychi tuman sudining 2019 yil 26 iyundagi hukmiga ko‘ra, fuqaro M.U. Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 4 yil 8 oy 8 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech