O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Yosh qizlarni fohishalik qilish uchun Turkiyaga sotib yuborayotgan ayol kirdikorlari fosh bo‘ldi

Toshkent shahar. Joriy yilning 23 mart kuni Toshkent shahar IIBB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlariga “Sevara” ismli ayol, yosh qizlarni ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan Turkiya davlati Istambul shahriga fohishalik bilan shug‘ullanish uchun yuborayotganligi to‘g‘risida maʼlumot kelib tushgan.

Kelib tushgan maʼlumot yuzasidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlar natijasida “Sevara” ismli ayol Toshkent shahar Uchtepa tumanida yashovchi 27 yoshli A.S. ekanligi aniqlanib, u moddiy manfaat evaziga Toshkent viloyati Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli I.Sh.ni Turkiya davlatida mo‘may daromad topishga qiziqtirib, yo‘l haqi va boshqa xarajatlarni ishlab berish sharti bilan joriy yilning 23 mart kuni soat 05:30 larda uni “Toshkent-Istambul” yo‘nalishida aviareys orqali Turkiya davlatining Istambul shahriga fohishalik bilan shug‘ullanishi uchun yuborayotgan vaqtida, ashyoviy dalillar yaʼni avia bilet, ikkisi o‘zaro suhbatlashib yurgan telefon apparatlari yozishmalari bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Uchtepa tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan A.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 135-moddasi 1-qismi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlangan.

Tergov jarayonida A.S. o‘zining ko‘rsatmalarida, Turkiya fuqarosi bo‘lgan “Ferdi” ismli shaxs bilan birgalikda ushbu jinoyatni sodir etganligi, I.N.ni Turkiya davlatiga yuborish uchun unga 500 AQSH dollari yuborganligini, shundan 350 AQSH dollariga avia chipta xarid qilib, qolgan 150 AQSH dollarini esa xizmat haqi evaziga rag‘batlantirish tariqasida olib qolib, ushbu pulni hozirgi kunda o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborganligini maʼlum qilgan.

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan A.S.ga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 135-moddasi 2-qismi “ye” bandi (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan odam savdosi) bilan ayblov eʼlon qilinib, unga nisbatan “Qamoqqa olish” tarzdagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech