O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

G‘arazli maqsadlarda "Yuklagich mashinasi"ni olib qochgan shaxs tez fursatda IIB xodimlari tomonidan ushlandi

Buxoro viloyati. Joriy yilning 05 aprel kuni soat 14:44 da viloyat IIBning “102” raqamiga tarjimon bo‘lib ishlovchi 50 yoshli N.A. murojaat qilib, 4 aprel kuni Sheyxon ko‘chasidan o‘tuvchi “Xorazm-Buxoro” yo‘lining bo‘yida qarovsiz qoldirilgan, Janubiy Koreya Respublikasi fuqarosi “SUN CHANG TRADE” MCHJ rahbari 62 yoshli K.M.ga tegishli “XGMA” rusumli old g‘ildirakli Yuklagich mashinasini nomaʼlum shaxs haydab olib ketganligini maʼlum qilib, ushbu nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va yuk ko‘taruvchi avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida ushbu jinoyatni Buxoro shahrida yashovchi 49 yoshli B.I. sodir qilganligi aniqlanib, ushlangan.

Qonunbuzardan u tomonidan olib qochilgan Yuklagich mashinasi qayerda ekanligi va nima sababdan ushbu jinoyatga qo‘l urganligi haqida so‘ralganda, u ushbu avtomashinani Kogon shahar Xorazm ko‘chasida joylashgan pochchasining hovlisiga haydab borib qo‘yganligini, keyinchalik esa uni sotib yubormoqchi bo‘lganligini bildirgan. Mazkur mashina ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Taʼkidlash joizki, Jinoyat kodeksining normalariga ko‘ra, jinoyatni sodir etgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech