Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Belorus Respublikasi Tergov qoʻmitasi bilan oʻzaro hamkorlik yanada mustahkamlanib, istiqbolli loyihalar yoʻlga qoʻyilmoqda
Davlatimiz rahbari tomonidan huquqni muhofaza qilish organlarida tergov sifatini oshirish va uning shaffofligini taʼminlash huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi ustuvor vazifa ekanligi taʼkidlanib, ilgʻor xorijiy tajriba asosida tergov idoralarining faoliyatini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan edi. Ichki ishlar vazirligida mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda ish tashkil etilib, xorijiy mamlakatlar bilan tajriba almashishda muhim qadamlar tashlanmoqda.
Taʼkidlash joizki, 2025-yilda 11-noyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasining ikki tomonlama muloqoti doirasida oʻzaro anglashiluv memorandumi imzolangan boʻlib, ayni vaqtga qadar hamkorlikda bir qator samarali loyihalari amalga oshirildi. Ushbu hamkorlikning uzviy davomi sifatida bugun mamlakatimizga tashrif buyurgan Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasi delegatsiyasi bilan vazirlik markaziy apparatida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Tergov departamenti boshligʻi, polkovnik Ramazon Ashropov hamda Belarus Respublikasi Tergov qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Anatoliy Vasilyev boshchiligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, oʻzaro tajriba almashish, tergovchilar malakasini oshirish boʻyicha oʻquv yigʻinlari va ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish hamda boshqa muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Belarus Respublikasida tergov amaliyoti boʻyicha tashkil etilgan oʻziga xos jarayonlar, tizimni raqamlashtirishda erishilgan yutuqlar va zamonaviy tahdidlarga qarshi yechimlar, xususan kiberfiribgarliklarni aniqlash hamda tergov qilishdagi muammolar borasida fikr almashildi.
Uchrashuvda, kelgusidagi istiqbolli ilmiy loyihalar, hamkorlikni yanada yuksaltirish borasidagi muhim jihatlar boʻyicha kelishib olindi.
Belarus Respublikasining mamlakatimizga amaliy tashrifi davom etmoqda.