Tergov departamenti ishchi guruhi tomonidan Namangan viloyatida tergov sifatini oshirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda
Ishchi guruh tomonidan Namangan viloyatining shahar-tumanlarida xizmat qilayotgan tergovchilar yurituvidagi jinoyat ishlari va tergovga qadar tekshiruv hujjatlari bo‘yicha dastlabki tergovni yuritish ahvoli o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Mavjud muammolar, xato va kamchiliklar muhokama etilib, zaruriy tavsiya va topshiriqlar berilmoqdi.
Bunda, Jinoyat-protsessual kodeksida ko‘rsatilgan talablarga rioya etish, jinoyat ishi doirasida ishtirokchilarning barcha vajlarini tergov yo‘li bilan tekshirish, dalillarni qonuniy asosda to‘plash va xolisona baholash, protsessual tartibda rasmiylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi guruh a’zolari har bir tergov xodimlari bilan suhbatlashib, shahar-tumanlardagi tergov-tezkor guruhi faoliyatini o‘rganmoqda, shu bilan birga, tergovchilar yurituvidagi fosh etilmasdan qolgan va to‘xtatilgan jinoyat ishlari muhokama qilinib, tergov hamkorligini kuchaytirish borasida tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. O‘rganishda, elektron tizimlardan samarali foydalanish, tergovga qadar tekshiruvni yuritish, jinoyatlarni tergov qilish va qisqa muddatlarda qonuniy qarorlar qabul qilinishini ta’minlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi. Tergov xodimlariga “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi va “E-material” elektron tizimi bilan ishlash, uning imkoniyatlari haqida tushuntirishlar berilib, ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolar muhokama etildi.
Namangan viloyatida tergov sifatini oshirish va ishni samarali tashkil qilish borasidagi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
Tergov departamenti