Farg‘ona viloyatida Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev hamda Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari R. Ashropov rahbarligida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabining sayyor yig‘ini o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi "Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-1-sonli hamda "2026-yilda respublika mahallalarida jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini yana-da oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-2-sonli qarorlari ijrosi bo‘yicha Respublika ishchi guruhi o‘rganishlarida aniqlangan kamchiliklar muhokama qilindi.
Kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilishda Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi va ishchi guruhi aʼzolari, qator vazirlik va idoralar, jumladan, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda ularning hududiy tuzilmalari rahbarlari, huquq-tartibot organlari, taʼlim va ilmiy muassasalar masʼullari ishtirok etdi.
Muhokamada mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish, "manzilli ishlash" tizimini samarali joriy etishga doir amaliy chora-tadbirlar tahlil qilindi.
Amalga oshirilayotgan ishlar hamda mavjud muammolar ko‘rsatib o‘tilib, muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida qarorlar ijrosi yuzasidan masʼul idora va tashkilotlar axborotlari tinglandi hamda belgilangan vazifalarni so‘zsiz va samarali taʼminlashga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.
Tergov departamenti